Uch avlod uchrashuvi
2026-05-08 16:00:00 / Yangiliklar

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida tashkil etilgan tadbir avvalida so‘z olganlar Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati, mamlakatda inson qadri, ustozlarga hurmat va tarixiy xotirani e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida jangovar harakatlarda ishtirok etgan soha faxriylari yoshlar bilan uchrashib, o‘z xotiralari, hayotiy tajribasi, Vatanga sadoqat va matonat haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari mamlakatimiz qurolli kuchlar tarixi, harbiy xizmat, jangovar tayyorgarlik hamda harbiy eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
Faxriylar, sohada uzoq yillar xizmat qilgan nuroniylarning hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazish, ularda hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir, ayniqsa, keyingi avlod vakillari uchun mazmunan boy va unutilmas uchrashuv bo‘ldi.
Faxriylar bilan bo‘lgan muloqot nafaqat ehtirom va e’tibor, balki xalqimizning milliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan keksalarni ulug‘lash, ustozlarga hurmat ko‘rsatish an’anasini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir so‘ngida vazirlik birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.








