Yo‘l harakati xavfsizligi – yoshlar va jamiyat uchun muhim masala
2026-04-23 16:45:00 / Yangiliklar

23-aprel kuni “Payshanba — Yoshlar kuni” munosabati bilan talaba-yoshlarni yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etishga undash, ularning huquqiy madaniyati, ijtimoiy mas’uliyati va shaxsiy xavfsizlikka bo‘lgan qarashlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Chirchiq shahrida joylashgan “Chirchiq avtomobil o‘quv ishlab chiqarish kombinati” MCHJda tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat transport universiteti talabalari, akademik litsey o‘quvchilari, “Toshkent metropoliteni” DUK hamda Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti yoshlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan yo‘l harakati qoidalari, keng tarqalgan qoidabuzarliklar hamda ular uchun joriy etilgan jarima ballari tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, piyodalar harakati qoidalariga rioya etish, yo‘lni faqat belgilangan o‘tish joylaridan kesib o‘tish zarurligi hamda ushbu talablarga amal qilinmaganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Shu bilan birga tajribasiz, yosh haydovchilar avtotransport vositasini boshqarish jarayonida yol qo‘yadigan asosiy xato va kamchiliklar, haydovchilar ko‘ra olmaydigan va ahamiyat bermaydigan xavfli hududlar “Ko‘r zonalar” haqida avtomaktab o‘qituvchilari tomonidan tushuntirishlar berildi. Avtomaktab bo‘ylab tashkil etilgan ekskursiya davomida ishtirokchilar maxsus o‘quv poligonida transport vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari tomonidan yoshlarga yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash yuzasida tavsiyalar berildi. Shuningdek, yo‘llarda ehtiyotkorlikni oshirish, qoidalarga qat’iy rioya qilish hamda o‘zi va boshqalar hayotini asrashning muhimligi yana bir bor ta’kidlandi.








