“Yoshlar kuni” doirasida dolzarb mavzularga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
2026-04-16 16:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol, jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish ustuvor vazifa.
Aynan ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida haftaning har payshanba kuni vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni” etib belgilangan.
Joriy yilning 16-aprel kuni Transport vazirligi markaziy apparati majlislar zalida vazir o‘rinbosari I.Abdugafarov, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIOFMB (ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi) katta leytenanti B.Xalilov hamda jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i, katta leytenant U.Nurmatov ishtirokida “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Transport vazirligi markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar va yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida tadbir mehmonlari mavzu yuzasidan so‘zga chiqib, mamlakatimizda qonunchilik tizimidagi o‘zgarishlar, jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari, yoshlar orasida jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarni oldini olish bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.
Tadbir davomida “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz”, “Terrorizm va diniy ekstremizm – davr muammosi” hamda “Narkomaniyaga qarshimiz” mavzularida tadbir ishtirokchilari bilan atroflicha fikr almashildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir yoshlar ongida huquqiy madaniyatni oshirish, ularni turli tahdid va xatarlardan ogoh etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.








