Islom sivilizatsiyasi markazi – uchinchi renessansning mustahkam poydevori
2026-04-14 12:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizda barpo etilgan muhtasham majmua Islom sivilizatsiyasi markazi Vatanimizning ma’naviy qudrati, ilm-fan va ma’rifatiga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi sifatida xalqimiz uchun bebaho tuhfa bo‘ldi.
Arxitekturaning o‘ziyoq insonni hayratga soladigan bu markaz milliy qadriyatlar va zamonaviy yondashuv uyg‘unligini o'zida mujassam etgan. Bu yerga tashrif buyurgan har bir mehmon dinimizning asl g‘oyalari tinchlik, bag‘rikenglik va ezgulik ruhini yanada teranroq his etadi.
Majmua nafaqat ozining boy me’moriy yechimlari bilan balki ozidagi yuksak ma’naviy xazina bilan ham tashrif buyuruvchilar e’tiborini tortmoqda. Transport vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari xodimlari ham Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilar markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, boy tarixiy ekspozitsiyalar hamda innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, islomdan avvalgi va islom davriga oid noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va bebaho artefaktlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, “Raqamli ekspozitsiyalar”, “Virtual ko‘rgazmalar”, “Vaqt kapsulalari” hamda “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devorlari” kabi interaktiv loyihalar namoyish etildi.
Mazkur tashrif ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosini chuqurroq anglash, islom sivilizatsiyasining yurtimiz tarixidagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish hamda ishtirokchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yanada boyitishga xizmat qildi.




