Uzoq kutilgan yangilik: Koreyada mavsumiy ishchilar dasturi qayta tiklandi!
2025-10-16 09:25:00 / Yangiliklar

🤝 Uchrashuvda tomonlar E-8 mavsumiy ishchi vizasi asosida Toshkent viloyati aholisidan ishchilarni tanlab olish va ularni provinsiyaning Hapchon, Chongnyang okruglari hamda Miryang shahrida 8 oy (5+3) muddatga qishloq xo‘jaligi sohasida ishga jalb etish bo‘yicha kelishib oldi.
📝 Migratsiya agentligi va Geongsangnam-do provinsiyasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi.
🔖Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Koreya Adliya vazirligi o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda fuqarolarimizni E-8 mavsumiy mehnat dasturiga qayta jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Bugun imzolangan hujjat esa ushbu kelishuvning amaliy bosqichidir.
📃 Koreya Adliya vazirligi talabiga ko‘ra, bunday kelishuvlarda ishchi kuchini yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq belgilanishi shart.
🗓 Joriy yil 23–25-sentyabr kunlari Geongsangnam-do provinsiyasi gubernatorining Toshkent viloyatiga amaliy tashrifi doirasida ikki hudud o‘rtasida do‘stlik memorandumi imzolangan edi. 14-oktyabrda Migratsiya agentligi bilan imzolangan hamkorlik kelishuvida yuqorida qayd etilgan hududlardagi mavsumiy ishlarga aynan Toshkent viloyati aholisidan ishchilarni tanlash belgilangan.
📌 Pilot tarzda provinsiyaning 3 ta hududidan ishchi kuchiga bo‘lgan talabnoma olish va 2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik ishchilarning intizomi va samaradorligiga qarab, hamkorlikni boshqa hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilgan.
🌾 Ma’lumki, 2021-yilda O‘zbekiston Koreyaga E-8 vizasi orqali ishchi yuborgan ilk davlat bo‘lgan va 420 nafar fuqaro pilot loyiha asosida ishlagan edi. Biroq, ayrim ishchilar 5 oylik shartnoma muddati yakunlangach ham vatanga qaytmagani sababli, ushbu viza dasturi Koreya tomonidan to‘xtatilgan edi.
🤝 Ko‘p sonli fuqarolarimizning murojaatlariga ko‘ra, ikki davlat mas’ul tashkilotlarning bir necha yildan buyon olib borgan muzokaralari natijasida Koreya hukumati mazkur imkoniyatni yana qayta ochishga qaror qildi va bundan unumli foydalanishni so‘rab qolamiz!
⚠️Fuqarolarimizdan mehnat shartnomasi va Koreya qonunchiligiga qat’iy amal qilish, belgilangan muddatda vatanga qaytish so‘raladi. Bu – kelgusida boshqa fuqarolar uchun ham ishlash imkoniyatlarini kengaytirish yoki aksincha, cheklash bilan bog‘liq muhim omil hisoblanadi.
🕓 Joriy yil noyabr–dekabr oylarida Koreyaning ish beruvchi okrug hokimliklaridan bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan talabnoma va nomzodlarni olishga kelishildi. Migratsiya agentligining XORIJDA ISH telegram kanalida bu haqida alohida e’lon beriladi.




