Brifing
2025-09-26 18:00:00 / Brifinglar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan 27 ta hujjat asosida joriy yilda Agentlikka jami 118 ta muddati oktyabr oyigacha bo‘lgan topshiriqlar belgilangan. Bugungacha, ularning 113 tasi to‘liq bajarildi, qolgan 5 ta topshiriqning ijrosi yakunlanmoqda.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Eng muhim yangiliklardan biri – mehnat migratsiyasi sohasida qonunchilikning tubdan takomillashtirilishi bo‘ldi. Jumladan, "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartishlar kiritilib, ularni litsenziyalash tartibi soddalashtirildi:
Litsenziya uchun talab qilinadigan mablag‘ miqdori 8500 baravardan 4000 baravargacha kamaytirilgani yengillik bo‘ldi.
Xususiy bandlik agentliklar endi fuqarolarni chet tili va kasbga o‘qitish, shuningdek xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqiga ega.
Eng muhimi – shartnoma bo‘yicha yuborilayotgan fuqarolar oldida agentlik va ish beruvchining solidar javobgarligi belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
Yana bir yangilik fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator moliyaviy imtiyozlar joriy etildi. Endilikda tashkillashtirilgan holda ishga ketuvchi fuqarolar uchun 2-yil muddatga 10 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Chet tili o‘qituvchilariga 50 mln so‘mdan subsidiya to‘lanadi.
Mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga “Ishchi viza” uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha, Malaka imtihonlari uchun — 3 baravargacha, Yo‘l chiptasi uchun — 2 baravargacha kompensatsiya berish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Sug‘urta subsidiya miqdori 50 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha oshirildi.
Natijada 2 042 nafar fuqaroga sug‘urta uchun subsidiya berildi. 445 nafar fuqaroga kompensatsiyalar ajratilgan. Shundan 248 nafarga — ishchi viza, 192 nafarga — yo‘l chiptasi, 5 nafarga — malaka imtihoni xarajatlari uchun berilgan.
Migratsiya agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan maqsadli ishlar natijasida mehnat migratsiyasi geografiyasi kengaymoqda. Xususan Italiya, Fransiya va Quvayt kabi davlatlar bilan hukumatlararo kelishuvlar, shuningdek, 24 ta davlatdagi 151 ta ish beruvchi bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Xorijiy tashkilotlar bilan o‘quv kurslari tashkil qilindi. Aholini ishga joylashtirish jarayonlari raqamlashtirilib, Xususiy agentliklar shartnomalarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilindi. Fuqarolarga “One-ID”, “Face-ID”, “Mobile-ID” orqali shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyati yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar mamlakatimiz fuqarolarini xavfsiz, tashkillashtirilgan va qonuniy mehnat migratsiyasiga yo‘naltirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
