“Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi yakunlandi
2025-09-12 14:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar hamkorligida 2024-yil 30-iyuldan 30-avgustga qadar “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi amalga oshirildi.
Ushbu aksiya doirasida xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizga huquqiy yordam va konsullik ko‘magi ko‘rsatildi hamda ularning xavfsiz va munosib sharoitlarda Vatanga qaytishi ta’minlandi.
Tadbirda xotin-qizlar va bolalarni Vatanga qaytarish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan bir oy davomida Agentlikning Call-markazi hamda diplomatik vakolatxonalar ishonch telefonlari orqali
3 ming 400 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi.
Shuningdek:
• 2 ming 100 dan ziyod hamyurtlarimizga hujjat rasmiylashtirish va jazoni o‘tash muassasalaridan qaytish bo‘yicha huquqiy yordamlar ko‘rsatildi;
• 1 ming 300 fuqaromiz dunyoning 15 ta davlatidan Vatanga, o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi.
Xususan,
• Rossiyadan – 993 nafar
• Turkiyadan – 106 nafar
• AQSHdan – 56 nafar
• Qozog‘istondan – 39 nafar
• Koreyadan – 8 nafar
• Armanistondan – 4 nafar
• Hindiston, Yaponiya, Polsha hamda Belarusiyadan – 3 nafardan
• Misrdan – 2 nafar
• Qirg‘iziston , Latviya, Saudiya Arabistoni va Ozarbayjondan 1 nafardan.
Xorijda murakkab sharoitda qolgan 654 nafar ayol va 438 nafar bolaning Vatanga qaytarilishi mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilgan muhim gumanitar tashabbus bo‘ldi.
Shuningdek, bir necha oy davomida xorijiy mamlakatlarning deportatsiya markazlarida saqlanib kelayotgan 163 nafar hamyurtlarimiz ham O‘zbekistonga olib kelindi.
Bugungi kunda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul idoralar, shuningdek, bandlik va ijtimoiy himoya organlari tomonidan xorijdan qaytarilgan fuqarolarni reintegratsiya qilish bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun:
Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-sentyabrdagi– “Xorijiy mamlakatlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik xotin-qizlarning muammoli masalalarini hal etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 590/2-son qarori asosida yana davom ettiriladi.
Yakuniy so‘z o‘laroq, aytish joizki, “Vatanga qaytarish” aksiyasi inson qadri va fuqarolik mas’uliyatini yuksak qiymat deb biluvchi davlat siyosati samarasidir. Bu kabi tadbirlar orqali har bir fuqaroning taqdiri va xavfsizligi davlatning e’tibor markazida ekanini yana bir bor namoyon etdi.
