Rasmiy munosabat
2026-03-19 11:20:00 / Yangiliklar

Konsalting firma orqali Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahriga ishlash uchun borib, hujjatlarini oldirib qo‘ygan hamyurtlarimiz murojaatlari yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Mazkur holat bo‘yicha Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahridagi vakili tomonidan murojaatchilar bilan tezkor tartibda aloqa o‘rnatildi hamda ularning holati atroflicha o‘rganildi.
Amalga oshirilgan ishlar doirasida murojaatchilarning hujjatlari ish beruvchilardan olib berildi. Shuningdek, masalaga aloqador bo‘lgan konsalting kompaniyasida tegishli litsenziya mavjud emasligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan, yuzaga kelgan nizoni fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tartibida ko‘rib chiqish yuzasidan murojaatchilarga huquqiy maslahatlar berildi. Qolaversa, vakolatli organlarga taqdim etish uchun zarur bo‘lgan arizalar qabul qilindi.
Bundan tashqari, Zoom platformasi orqali barcha fuqarolar bilan muloqot o‘tkazilib, ularning muammolari to‘liq o‘rganildi hamda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida huquq va imtiyozlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Migratsiya agentligi mazkur holatni nazoratga olgan bo‘lib, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shu o‘rinda, fuqarolardan xorijda ishlash masalalarida faqat rasmiy va litsenziyaga ega tashkilotlar orqali harakat qilishlari, tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmasliklari so‘raladi.
