Rasmiy munosabat
2026-03-13 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ijtimoiy tarmoqlarda “Rossiyada – migrantlarga bu qanday muomala” nomi ostida tarqalgan video yuzasidan Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi Vakolatxonasi o‘rganish o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, holat joriy yilning 7-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining Ulyanovsk viloyatida joylashgan “Ozon” kompaniyasi mahsulot topshirish shoxobchasida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxs tomonidan sotuvchiga nisbatan haqorat va tahdidlar bildirilgan.
Vaziyatni mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratga olgan va aybdorga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi (“o‘ldirish yoki badanga og‘ir shikast yetkazish bilan qo‘rqitish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, video tasvirlarda jabrlanuvchi sifatida ko‘ringan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi emasligi ma’lum qilindi.
❗️ Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tekshirmasdan turib tarqatmaslik, ayniqsa, xayp maqsadida noto‘g‘ri xulosalar chiqarmaslikni so‘raladi.
