E'lon
2025-11-06 09:20:00 / Yangiliklar

YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tashabbusi va taklifi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida ilmiy maqola va esselar tanlovlari tashkil etilmoqda. “Madaniy merosni saqlash: huquqiy va iqtisodiy yondashuvlar” mavzusidagi eng yaxshi ilmiy maqola tanlovida madaniy meros sohasi mutaxassislari ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, “Madaniy merosni saqlash” mavzusidagi eng yaxshi esse tanlovida talabalar ishtiroki nazarda tutilgan.
Respublika miqyosidagi tanlovlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar va mutaxassislarni madaniy meros sohasidagi bilimlarini yanada oshirish, huquqiy-iqtisodiy va ijtimoiy qarashlarini rivojlantirish, vatanparvar, intellektual salohiyatga ega yoshlarni aniqlash hamda rag‘batlantirishdan iboratdir.
Tanlovlar, shuningdek, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni nomoddiy hamda ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Unda oliy ta’lim muassasalari bakalavriat talabalari va madaniy meros sohasi mutaxassislari qatnashishi belgilangan.
Ushbu tanlov doirasida talabalar “Madaniy merosni saqlash” mavzusida esse yozish orqali quyidagi uch nominatsiya bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin:
• eng yaxshi ijodiy yondashuv;
• eng yaxshi tahliliy yechim;
• huquqiy bilimlarni chuqur aks ettirish.
Mutaxassislar uchun esa alohida yo‘nalish belgilangan bo‘lib, ular “Madaniy merosni saqlash: huquqiy va iqtisodiy yondashuvlar” mavzusida eng yaxshi ilmiy maqola taqdim etishlari nazarda tutilgan.
Tanlovning birinchi bosqichi oliy ta’lim muassasalarida belgilangan sanalarda o‘tkaziladi, g‘oliblar keyingi hududiy bosqich orqali saralanadi va yakuniy respublika darajasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tanlovning umumiy o‘tkazilish davri: 2025-yil 15-noyabrdan 10-dekabrgacha.
Tanlovda bakalavr talabalari yo‘nalishida har bir nominatsiya bo‘yicha 2 ta eng yaxshi ish tanlanib, g‘oliblarga 500 AQSh dollari pul mukofoti beriladi.
Mutaxassislar yo‘nalishida esa 2 ta eng yaxshi maqola aniqlanib, har bir g‘olib 1000 AQSh dollari bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichidagi barcha ishtirokchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari taqdim etiladi.
Tanlov Tashkiliy qo‘mitasiga uning shartlari, muddatlari va davrlarini belgilash, baholash jarayonini shaffof, adolatli o‘tkazish hamda har bir bosqichda ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish vazifasi yuklangan.
Madaniy meros agentligi barcha ijodkor yoshlar qatorida mutaxassislarni ham tanlovda faol ishtirok etishga, o‘z bilim va iste’dodlarini namoyon etib, mamlakatimizning boy madaniy merosini asrashga hissa qo‘shishga chorlab qoladi.
O‘z ishlaringizni quyidagi info@madaniymeros.uz elektronpochta / manzilga yo‘llashingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon: +99871 200-01-18
