#rasmiy_munosabat
2025-10-24 09:55:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqal’a tumanida joylashgan “Aqchako‘l” turistik-rekreatsion zonasida “Aqchako‘lda xazina topildi” sarlavhasi ostida videomurojaat tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi. Unga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.
Sohildan hech qanday madaniy qimmatga ega arxeologik topilma yoki xazina topilgan emas. Tasvirlardagi tangalar esa bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2018 va 2022-yilda chiqqan 200, 500 hamda 1000 so‘mlik tangalar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi hamda Ellikqal’a tumani hokimligi vakillari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirildi. O‘rganishlar davomida videomurojaatda keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi.
Madaniy meros agentligi fuqarolarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga hamda madaniy meros obyektlariga nisbatan mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirib qoladi.
