“Ilgarigi Yozuvchilar Uyushmasi binosi”da olib borilayotgan ishlar yuzasidan rasmiy munosabat
2025-10-21 18:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasida (ilgarigi Pushkin ko‘chasi) joylashgan sobiq “Yozuvchilar uyushmasi binosi”da olib borilayotgan ishlar yuzasidan turli fikrlar bildirildi. Jumladan, binoning atrofini o‘rash, ichkarida restavratsiya ishlari ketayotgani va bu holat jamoatchilikda xavotir uyg‘otgani qayd etilgan. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Binoning huquqiy maqomi va muhofaza darajasi
Toshkent shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan sobiq “Yozuvchilar uyushmasi binosi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan moddiy madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Ya’ni, ushbu bino buzilishi yoki o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilinishi qat’iyan man etilgan obyekt hisoblanadi.
Qurilish emas – qonuniy restavratsiya
Madaniy meros agentligiga 2025-yil 21-fevral kuni “ART-ELECTRO” MChJ tomonidan yozma ravishda murojaat qilingan. Unda mazkur binoning:
• Fasad qismini restavratsiya va ta’mirlash,
• Ichki qismlarini ofis sifatida foydalanishga moslashtirish rejalashtirilgani bildirildi.
Ushbu murojaat Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 19-martdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Kengash:
• Ichki qism ta’mirga muhtojligini e’tiborga olgan;
• Loyihaning bino konstruksiyasiga zarar yetkazmasligi va me’moriy yechimlar tarixiy qiyofaga mos bo‘lganligini hisobga olib, shartli ravishda ijobiy xulosa bergan.
Tashqi devorlar va orqa fasad bo‘yicha qo‘shimcha loyiha
Shuningdek, “ART-ELECTRO” MChJ tomonidan 2025-yil 23-aprel kuni tashqi fasadni restavratsiya qilish, orqa va yon devorlarni mustahkamlash bo‘yicha ham alohida murojaat kelib tushgan.
Ushbu loyiha Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 30-maydagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib:
• Tashqi devorlardagi me’moriy bezaklarga ziyon yetkazilmasligi sharti bilan ijobiy baholangan va amalga oshirishga ruxsat berilgan.
Qurilish emas – tiklash va moslashtirish
Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, mazkur binoda qurilish yoki buzish ishlari olib borilayotgani yo‘q.
• Fasad – asliga moslab restavratsiya qilinmoqda;
• Ichki qism – zamonaviy ehtiyojlarga moslashtirilmoqda, lekin tarixiy konstruksiyalar va me’moriy shakl o‘zgartirilmayapti.
Bu — “adaptatsiyalangan restavratsiya” deyiladi va u butun dunyoda tarixiy binolardan foydalanishning asosiy shakli hisoblanadi.
Jamoatchilikka murojaat
Madaniy meros agentligi:
• Aholining e’tiborini va tashvishini tushunadi;
• Har bir restavratsiya ishini ilmiy, qonuniy va ochiq mexanizm asosida nazorat qiladi.
Ayni paytda binoda olib borilayotgan barcha ishlar belgilangan tartibda, normativlarga qat’iy amal qilingan holda jamoatchilik uchun ochiq ravishda amalga oshirilmoqda.
