Hukumat tomonidan madaniy meros sohasiga oid ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi
2025-08-15 12:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 13-avgust kuni “Madaniy meros sohasiga oid ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 512-sonli qarorni qabul qildi. Qaror davlat rahbarining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi 80-son farmon ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qarorga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali milliy muzey fondidagi eksponatlar va to‘plamlar davlat katalogida qayd etilganligi to‘g‘risida guvohnoma berish, arxeologiya ashyolari davlat katalogiga kiritilgan yoki kiritilmaganligi haqidagi ma’lumotlar berish, moddiy madaniy meros obyektlarini davlat kadastriga kiritish va undan chiqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etildi. Shuningdek, qarorda Madaniy meros agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda reglamentlarni elektron xizmatlar orqali ishga tushirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2002-yil 29-iyuldagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 269-son qarorga o‘zgartirishlar kiritilib, madaniy meros obyektlarini hisobga olish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtiriladi.
Qabul qilingan yangi qarorning to‘liq matni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi orqali tanishib chiqishingiz mumkin. Qabul qilingan tartib-taomillar madaniy meros ashyo va maskanlarini oqilona boshqarish, muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda bu borada davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
