Buxoro “Ark” qal’asida 140 mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanmoqda
2025-08-02 12:25:00 / Yangiliklar

Buxoroning qadimiy “Ark” qal’asi hududida joylashgan davlat muzey-qo‘riqxonasida hozirgi kunda 140 mingdan ortiq noyob eksponat saqlanmoqda. Muzey mas’ul xodimi Bobur Qobilovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning shu davriga qadar arxeologik tadqiqotlar davomida 15 mingdan ortiq yangi eksponat yig‘ilgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 20 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Statistik tahlillar har yili muzey fondi mingdan 1,5 minggacha yangi eksponat bilan boyib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“Hali Ark qo‘rg‘oni hududida foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Zarur sharoit yaratilsa, muzey faoliyatini 10 barobargacha oshirish mumkin”, — deydi Qobilov.
May oyida YUNESKO ko‘magida, Parijdagi Luvr muzeyi olimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar asosida “Buxoro vohasining qadimgi va o‘rta asrlar tarixi” nomli yangi ko‘rgazma zali tashkil etildi. Ushbu zal mingdan ortiq noyob eksponatlar bilan boyitildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, restavratsiya mutaxassislari, tarixchilar va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda yana bir yangilik: zargarlik va miskаrlik san’atiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma zali ish boshladi. Bu loyiha orqali Buxoroning qadimiy hunarmandchilik an’analari keng ommaga taqdim etilmoqda.
Yangi ko‘rgazma XIX–XX asrlarga oid ko‘plab milliy bezaklar asosida ishlangan eksponatlar, madaniy va diniy ahamiyatga ega buyumlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, u turli millat vakillarining o‘zaro madaniy aloqalari haqida ham ma’lumot beradi.
Mazkur ekspozitsiya muzey fondida saqlanayotgan 2 mingdan ortiq eksponat asosida yaratilgan bo‘lib, xalq hunarmandchiligidagi yuksak san’at, texnologik mahorat va estetik qadriyatlarni yoritishga qaratilgan.
Ko‘rgazma tuzilmasi ikki asosiy bo‘limdan iborat. Unda zargarlik va miskarlik san’atining tarixiy taraqqiyoti va xalq hayotidagi o‘rni keng ko‘lamda yoritiladi. Bu ekspozitsiya orqali sayyohlar muzeyda yana uzoqroq vaqt qolish istagini bildirayotgani kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasining “Ark” qal’asi va uning filiallariga har kuni ertalab soat 09:00 dan kechki 22:00 gacha tashrif buyurishingiz mumkin.
