#rasmiy_munosabat
2025-08-01 17:25:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida “Toshkentdagi tarixiy Mutaxassislar uylari yana xavf ostidami?” sarlavhasi ostidagi xabar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ushbu vaziyat atroflicha o‘rganib chiqildi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Toshkent shahrining Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan 16 va 18-uylarda yashovchi fuqarolar Toshkent shahrining amaldagi hokimining 2024-yil 29-noyabrdagi qaroriga nisbatan Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. 2025-yilning 13-iyun kuni ma’muriy sud fuqarolarning da’vosini qanoatlantirgan bo‘lib, hozirgi vaqtda ushbu holat bo‘yicha uchinchi manfaatdor qurilish tashkiloti tomonidan berilgan shikoyat arizasi asosida Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan.
Qo‘shimcha ravishda ma’lum qilamizki, 2025-yil 7-iyul kuni Chilonzor tumani prokurorining o‘rinbosari tomonidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish talabi bilan apellyatsiya tartibida protest kiritilgan. Poytaxtning Beshyog‘och ko‘chasidagi ushbu uylarni Moddiy madaniy meros obyektlari Davlat reyestriga kiritish masalasi bo‘yicha ayni vaqtda rasmiy ro‘yxatga olish jarayonining yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda.
Madaniy meros agentligi shuni eslatib o‘tadiki, O‘zbekiston Respublikasining "Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasiga muvofiq, fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashlari shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Madaniy meros agentligi qonunchilik doirasida faoliyat yuritishda davom etadi va milliy madaniy merosimizni muhofaza qilish hamda saqlab qolish borasida o‘z vakolatlarini to‘liq amalga oshiradi.
