Madaniy meros obyektiga 31,5 milliardlik so‘mlik zarar yetkazildi
2025-06-26 11:00:00 / Yangiliklar

Madaniy meros agentligi va prokuratura organlari bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Mana shunday tadbirlardan biri Toshkent shahrida o‘tkazildi. Poytaxtdagi VI–XV asrlarga oid “Xonobodtepa” arxeologiya yodgorligi hududi orqali 257 metr uzunlikdagi kanalizatsiya quvurlari o‘tkazilgan.
Natijada ixtisoslashgan korxona tomonidan ushbu yodgorlikning 961 m³ qismiga 27 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi. Shuningdek, aynan ushbu korxona tomonidan yodgorlikning qo‘shimcha 160 m³ ekskavator yordamida qazilib, 4,5 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Agentlik va prokuratura organlari bilan hamkorlikdagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi jinoiy harakatlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.
