Ilmiy-ekspert kengashi navbatdagi loyihalarning yakuniy qarorlarini e’lon qildi
2025-06-24 09:10:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 3–5-iyun kunlari Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Shahrisabz shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu majlisda Kengash a’zolari tomonidan 39 ta dolzarb loyiha bo‘yicha yakuniy xulosa berildi. Jumladan, Andijon, Samarqand, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda Qashqadaryo viloyatlaridan taqdim etilgan ba’zi loyihalar kamchiliklari va obyektlarning tarixiy ahamiyatiga ta’sir ko‘rsatishi sababli rad etildi. Shuningdek, 13 ta loyihaning mualliflariga qayta ishlash va Kengash a’zolari zimmasiga joyiga chiqqan holda qayta o‘rganib yakuniy xulosalar berish tavsiya etildi.
Undan tashqari, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida joylashgan “Hazrati Bilol” masjidi arxitektura yodgorligida mavjud xonaqoh qismiga zarar yetkazmagan holda mavjud ayvon qismini rekonstruksiya qilish loyihasi madaniy meros obyektini asrashga talluqli bo‘lmaganligi sababli rad etildi. Kengash Navoiy shahrida joylashgan “Ko‘za ko‘targan uch ayol” monumental san’at yodgorligi hududidagi 4,000 kv.m. maydonda savdo va ko‘ngilochar markaz hamda umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil etish bo‘yicha loyiha yodgorlikning umumbashariy ko‘rinishiga salbiy ta’sir etmasligini inobatga olgan holda loyiha ma’qullandi.
Shuningdek, poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan “Hazrati Imom” (Hastimom) majmuasi tarkibidagi “Abu Bakr Qaffol Shoshiy”, “Baroqxon”, “Mo‘yi Muborak” madrasasi va “Namozgoh” masjidi hududida tashqi yoritish moslamalarini o‘rnatib tizimga ulash, “Hazrati Imom”, “Tillashayx” masjidlari hamda “Mo‘yi Muborak” madrasalarini issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashda madaniy meros obyektlariga ziyon yetkazmaslik sharti bilan loyiha ma’qullandi.
Yuqoridagi loyihalar tavfsilotlari bilan Agentlikning rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin.
