#yurtimiz_durdonalari
2025-05-28 18:05:00 / Yangiliklar

Toshkent markazidagi tarixiy tepalik
Poytaxtning markaziy ko‘chalarining birida “Ming o‘rik” deb ataluvchi noyob tepalik mavjud. Aslida yodgorlik Turk xoqonligi poytaxti Chochni qo‘riqlagan qadimiy qal’a xarobasidir. Arxeologik izlanishlarga asosan, shahar eramizning I asr boshlarida, ham mavjud bo‘lgan. Arxeologlar ushbu noyob hududga ilk marotaba XIX asr oxirida qiziqish bildirganlar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tepalik turkiy hukmdorlarning qadimiy qarorgohi bo‘lgan. Bino xonalarining joylashuvi va qurilish chizmalari bu yerda qadimgi butparast ibodatxonalarning joylashganligini va olov uchun ochiq qurbongohlar bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Toshkent shahrida joylashgan “Ming o‘rik”, “Chilonzor Oqtepa” va “Shoshtepa” kabi noyob me'moriy yodgorliklar poytaxtimizning tarixiy urbanizatsiyasining yorqin dalilidir.
Ma’lumot uchun, ushbu yodgorlik majmuasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ming o‘rik” muzeyi Yakkasaroy tumani “Moshtabib” ko‘chasi, 31-manzilda joylashgan bo‘lib, unga yakshanba kunidan tashqari har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha tashrif buyurishingiz mumkin.
