#rasmiy_munosabat
2025-05-15 09:50:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarning birida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida joylashgan Shayx Jalil bobo maqbarasiga o‘rnatilgan ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan Brayl alifbosida bitilgan lavhaning usti oyna bilan yopib qo‘yilgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tasvirlardagi ma’lumotlar bo‘yicha Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida joylashgan XIX asrga oid Shayx Jalil bobo maqbarasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining I ilovasi 9-bandida “madaniy meros obyektlarida pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlarini o‘rnatish va ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlarni joylashtirish” topshirig‘i belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda joylashgan Shayx Jalil bobo maqbarasiga Brayl alifbosidagi ma’lumotlar joylashtirilgan. Xabarda tushunmovchilik bilan istehzo qilingan yodgorlikka o‘rnatilgan Brayl alifbosidagi ma’lumotlar yomg‘ir suvi va ertalabgi namgarchilikdan asrash maqsadida vaqtincha himoyalab qo‘yilgan bo‘lgan. Madaniy meros agentligining hududiy boshqarma xodimlari tomonidan Brayl alifbosidagi ma’lumotlarning yuzasidan himoya oynasi olib tashlandi va namgarchilikdan himoyalangan hududga o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, Shayx Jalil bobo obidasi 2004-yil qayta qurilgan bo‘lib, hozirda mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan tashrif buyuriladigan turizm obyekti hisoblanadi. Bugungi kunda Shayx Jalil bobo maqbarasi arxitektura yodgorligi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filialiga bepul foydalanish shartnomasi asosida ijaraga berilgan.