#rasmiy_munosabat
2025-03-14 11:10:00 / Yangiliklar

Facebook ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tomonidan “Shayxontohur tumanidagi “Chilonzor Oqtepa” arxeologik yodgorligida noma’lum qazish ishlari olib borilmoqda” sarlavhasi ostida xabar qoldirilgan. Joylagan ma’lumotlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Poytaxtning Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasi 23-uy manzilida joylashgan “Chilonzor Oqtepa” arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Tepalikning umumiy muhofaza hududi 2,850 kvadrat metrni tashkil etadi.
Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi mazkur arxeologiya yodgorligining tevarak-atrofini obodonlashtirish hamda yodgorlik hududini devor bilan o‘rash bo‘yicha tayyorlangan loyiha Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan joriy yilning 7-fevral kuni ko‘rib chiqib, tasdiqlangan.
Shu Kengash a’zolari tomonidan yodgorlikda bir necha yillardan buyon arxeologik izlanish va tadqiqot ishlarini olib borayotgan Milliy arxeologiya markazi yetakchi ilmiy xodimi Margarita Filanovich va arxitektor Timur Nurulinlar ishlab chiqqan muzeylashtirish loyihasining takliflari ma’qullangan.
Shuningdek, loyihaga asosan devor tashqi ko‘rinishi va kirish darvozasini VI-XII asrlardagi g‘ishtlar o‘lchamlari va paxsa devor rangi ko‘rinishida bo‘lishi va barcha ishlarni amalga oshirishda Milliy arxeologiya markazi yetakchi ilmiy xodimi M.Filanovichni jalb qilgan holda davom ettirish zarurligi belgilab qo‘yilgan. Loyiha ishlarini nazorat qilish vazifasi Agentlikning Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi va M.Filanovich zimmasiga yuklatilganini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun, ushbu arxeologiya yodgorligi milodiy VI-XII va X-XI asrlarga taalluqli obyekt hisoblanadi. Yodgorlikning umumiy balandligi 15 metrni tashkil etadi.
