#OAV_madaniy_meros_haqida
2025-03-11 17:05:00 / Yangiliklar
“Dari-Zanjir” majmuasi qayta tiklanmoqda
Samarqand shahrining eski shahar qismida, Registon maydoni yaqinida “Dari-zanjir” mahallasi joylashgan. Ushbu mahallaning nomi ham bejizga shunday atalmaydi. Mahallada “Dari-zanjir” majmuasi joylashgan bo‘lib, so‘zma-so‘z tarjima qilinganida “zanjirlangan eshik” ma’nosini anglatadi. Ushbu mahallada Amir Temur va temuriylarning yaqin qarindoshlari, keyinchalik esa ruhoniyat vakillari va ularning oila a’zolari istiqomat qilganlar. Ular o‘z ahli ayollarini nomahramlar nazaridan pana qilish maqsadida hujra eshiklarini zanjirlab qo‘yib, begonalarning kirishi qat’iy man etilgan. Shu sababli ham majmua nomi shunday deb nomlangan.
Majmuaning umumiy maydoni 70,13 kvadrat metr, u 2024-yil to‘liq davlat muhofazaga olinib, restavratsiya ishlari olib borilgan. “Dari-Zanjir” yodgorligining ustini yopish va tashqi qismini restavratsiya qilish ishlari uchun 415 mln. so‘m mablag‘ sarflandi. Hozirda obyektning ichki qismida restavratsiya va konservatsiya ishlari davom etmoqda. Tez orada majmua sayyohlar uchun o‘z eshiklarini yana qayta ochadi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil davomi Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 20 ta madaniy meros obyektida ta’mirlash va tiklash ishlari olib borildi. Ayni paytga qadar 5 ta obyektda restavratsiya ishlari to‘liq yakunlanib foydalanishga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida joylashgan “Dari-Zanjir” majmuasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori asosida Madaniy meros milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan obyekt hisoblanadi.
Yodgorlikda olib borilgan restavratsiya ishlari haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni quyidagi lavha orqali bilib olishingiz mumkin.