Qoraqalpog‘iston muzey xodimlarining kasbiy mahoratlari yangi bosqichda
2025-03-04 17:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan 3–15-fevral kunlari Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyining 20 nafar xodimlari Toshkent shahri va Samarqand viloyatidagi yirik muzeylarga malaka oshirish amaliyotini o‘tash uchun tashrif buyurdilar.
O‘quv jarayoni yuqori saviyada tashkil etildi. Unda muzey rahbarlaridan tortib to kadrlar bo‘limi xodimlari, g‘aznachi va chipta nazoratchilarigacha ishtirok etishdi. Amaliyotchilar O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasiga har bir xodim lavozimining funksional vazifalaridan kelib chiqqan holda yo‘naltirildilar.
O‘quv kursi mobaynida muzey xodimlari muzeyning ilmiy konsepsiyasini yaratish, ekspozitsiya tuzish usullari, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va ulardan foydalanish, ilmiy-tadqiqot, targ‘ibot-tashviqot, muzey marketingi va menejmenti yo‘nalishlaridagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ekskursiyani amalga oshirish texnikasi, axborot yetkazuvchi kontentlar (eksplikatsiya, etiketaj va boshqalar)ni yaratish va ulardan to‘g‘ri foydalanish kabi faoliyat turlari bilan tanishib chiqib, mutaxassislik uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni oldilar.
Mazkur amaliy sayyor mashg‘uloti Qoraqalpog‘iston muzey sohasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, malaka oshirish nafaqat, shunchaki, rasmiyatchilik, balki muzeylarning samaradorligini oshirish va mutaxassislar kasbiy faoliyatini yanada takomillashtirishda salmoqli vosita ekanligini namoyish etdi. O‘quv kursi davomida orttirilgan bilim va uslublarni amaliyotga tatbiq etish, muzeylarni tashrif buyuruvchilar uchun yanada maroqli, zamonaviy va qulay maskanga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ushbu tajriba O‘zbekiston muzeylari o‘rtasida hududlararo teran hamkorlik va yangi istiqbolli loyihalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
