Asosiy kontentga o'tish

#rasmiy_munosabat

2025-02-14 10:40:00 / Yangiliklar

Jamoatchilik tomonidan “Toshkentda quruvchi hokimiyatning ruxsati bilan Toshkent shahrida joylashgan tarixiy “Mutaxassislar uyi” majmuasining muhofaza zonasida mahalla qo‘mitasi binosini buzib, mehmonxona qurishni rejalashtiriyotgani” tanqidiy ruhdagi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Joylangan postlar yuzasidan Madaniy meros agentligi va uning Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari poytaxtning Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan 16–18-uylarda o‘rganish ishlarini olib bordi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

 

Mazkur turar-joy binolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi 269-son qarorining 4-ilovasi bilan “Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi to‘g‘risida”gi nizomning 4-bandiga binoan tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, 2025-yilning 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi majlisida Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Beshyog‘och ko‘chasi,16–18 manzilida joylashgan “4 qavatli turarjoy binolari”ning tarixiy, ilmiy, badiiy ahamiyati hamda XX asr birinchi yarmi Toshkent me’morchiligining yorqin namunasi ekanligini inobatga olib, mazkur obyektlarni respublika toifasidagi arxitektura yodgorligi sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish taklifi ma’qullandi. Hozirgi kunda Madaniy meros agentligi tomonidan ushbu obyektlarni o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga kiritish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

 

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi 269-II-sonli Qonunining 12-moddasida “Tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan yangi aniqlangan moddiy madaniy meros obyektlari Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilishi to‘g‘risidagi masala hal qilingungacha ushbu Qonun talablariga muvofiq muhofaza qilinishi kerakligi” belgilangan.

 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-sonli Qarorining 4-bandida:

– sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanishi;
– moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilgan.

 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 649-son qarori nizomining 6-bandida:

– Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilangan.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, endilikda “Mutaxassislar majmuasi” binolari madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olinganligini ma’lum qilamiz.

674

Oxirgi yangilanish: 2025-02-24 12:01:21

#rasmiy_munosabat