Alisher Navoiy asarlarining chet ellarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari
2025-02-09 18:05:00 / Yangiliklar

Har yili 9-fevral yurtimizda ulug‘ mutafakkir, shoir va davlat arbobi Mir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlarining tavallud topgan kuni sifatida keng nishonlanadi. Adibning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda Navoiy ijod mahsullari yuzlab tillarga tarjima qilingan. Hozirda ulug‘ shoir asarlarining qo‘lyozmalari dunyoning 5 qit’asida joylashgan turli xorijiy davlatlardagi muzey, kutubxonalarda saqlanib kelmoqda. O‘z navbatida, ushbu qo‘lyozmalarni aniqlash, ularning elektron nusxalarini olish va tadqiq qilish maqsadida Madaniy meros agentligida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijasida mutafakkir asarlarining ko‘plab qo‘lyozmalariga oid ma’lumotlar aniqlandi.
Xususan, uning “Devon” va “Kulliyot”lari, “Xamsa”, “Lison at-tayr”, “Xazoin al-maoniy”, “Arbain”, “Vaqfiya” va boshqa asarlarining 13 ta xorijiy davlatda saqlanayotgan 450 dan ortiq nusxasi haqidagi ma’lumotlar to‘plandi. Ular Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarda saqlanib kelinmoqda.
E’tiborlisi, ushbu qo‘lyozmalar haqidagi ma’lumotlar Agentlikda nashr etilgan “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri”ning I-III jildlariga kiritilgan.
Shuningdek, Agentlik tomonidan bugungacha Alisher Navoiyning xorijda saqlanayotgan 10 dan ortiq qo‘lyozmasining elektron nusxalari olingan. Ular orasida Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi Ayo-Sofiya fondida saqlanayotgan “Badoye al-bidoya” (Badiiylik ibtidosi) asarining nusxasi alohida qimmatlidir. Ushbu noyob risola adib hali hayotligi chog‘ida, 1485-yili mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan Hirot shahrida ko‘chirilgan. Hozirda uning faksimilesi nashrga tayyorlanmoqda.
Buyuk mutafakkir asarlari qo‘lyozmalarining dunyo bo‘ylab tarqalishi, so‘zsiz, ham Gʻarb, ham Sharqda sheʼriyat sultoni Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosiga bo‘lgan katta qiziqishdan dalolatdir.
