Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutida yil sarhisobi bo‘lib o‘tdi
2024-12-20 16:45:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar yuzasidan yillik hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yil davomida institut xodimlari tomonidan respublika bo‘yicha 53 ta arxeologik qazuv va qidiruv ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda oliygoh olimlari tomonidan 174 ta ilmiy ishlar xorijiy va mahalliy nashrlarda chop etildi. Shu yilning o‘zida institutda 29 ta xalqaro, 62 ta mahalliy ilmiy konferensiyalar tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda Samarqand arxeologiya institutida 3 ta xalqaro, Innovatsion rivojlanish agentligining 2 ta granti amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, xalqaro grant doirasida 2024-yilda institut qoshida “Arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish” markazi tashkil qilindi.
Tadqiqot ishlarini ommalashtirish, Madaniy meros obyektlarini kengroq targ‘ib qilish maqsadida Bolonya universiteti bilan hamkorlikda Kofirqal'a yodgorligini arxeologiya parkiga aylantirish bo‘yicha loyiha YUNESKOga taqdim qilindi. Reja doirasida 2025-yilning kuzida arxeologiya parkining ochilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari hozirda institut xodimlari tomonidan Koreya madaniy meros agentligi bilan birgalikda Qizlartepa arxeologiya yodgorligini arxeologiya parkiga aylantirish borasida konsepsiya ishlab chiqilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 2026-yilda yodgorlikni arxeologiya parkiga aylantirish rejalashtirilgan.