#rasmiy_munosabat
2026-10-28 12:20:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Shayx Muxiddin jome masjidi”dan tarixiy obida sifatida sayyohlarni jalb etish maqsadida foydalanish yuzasidan taklif bildirilgan xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Samarqand viloyati Urgut tumani “Chorchinor” mahallasi Buxoriy ko‘chasi, 22-uy manzilida joylashgan XIX–XX asrlarga oid “Shayx Muxiddin jome masjidi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qaroriga muvofiq, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga 1582-raqam bilan arxitektura yodgorligi sifatida kiritilgan.
Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, mazkur masjiddan 1998-yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan jome masjid sifatida foydalanib kelinmoqda. Masjidning ikkinchi qavatidagi madrasa xonalariga chiqish eshiklari namozxonlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yopilgan.
Shuningdek, “Shayx Muxiddin jome masjidi” joylashgan “Chorchinor” ziyoratgohi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida “Chorchinor” ziyoratgohiga 1 121 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Bugungi kunda “Chorchinor” ziyoratgohi hamda “Shayx Muxiddin jome masjidi” bilan tanishish uchun mahalliy va xorijiy sayyohlarga zarur shart-sharoitlar mavjud.
