Nurota tog‘ tizmasi hududida yangi arxeologik yodgorliklar aniqlandi
2026-10-28 11:20:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani tog‘ va tog‘oldi hududlarida olib borilayotgan arxeologik qidiruv tadqiqotlari davomida mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi taxmin qilinayotgan qoyatosh rasmlari hamda bronza davriga oid manzilgoh aniqlandi.
Tadqiqotlar Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining 2026-yilgi dala tadqiqotlari rejasiga muvofiq, joriy yilning oktabr oyida institut ilmiy xodimlari A. Xolmatov va T. Ro‘ziboyev tomonidan olib borilmoqda.
Dala tadqiqotlari davomida Oqchobsoy mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Egrijarsoy, Xo‘jasoy (Badimin), Galajinsoy va Sumbulsoy hududlaridagi tosh ayvonlarning devor va shiftlarida tabiiy oxra bo‘yog‘i bilan chizilgan qoyatosh rasmlari aniqlandi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mazkur tasvirlar mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Pangat mahallasi hududida olib borilgan arxeologik qidiruv ishlari natijasida uchta nuqtadan bronza davriga oid sopol parchalari topildi. Qumoloqli qishlog‘idan 700–800 metr sharqda joylashgan nuqtada 2×1 metr o‘lchamdagi shurf qazish ishlari amalga oshirilib, qalinligi 60 santimetr bo‘lgan madaniy qatlamga ega bronza davri manzilgohi aniqlandi. Qazishmalar davomida ko‘plab sopol bo‘laklari va suyak qoldiqlari qayd etildi.
Aniqlangan arxeologik materiallarni qiyosiy tahlil qilish Nurota tog‘ tizmasi hududlarining qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirilish bosqichlari hamda boshqa hududlardagi qabila va elatlar bilan madaniy aloqalarining rivojlanishini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Mazkur topilmalar, xususan, bronza davriga oid manzilgohda aniqlangan arxeologik materiallarni yanada chuqurroq o‘rganish uchun keng ko‘lamli qazishma tadqiqotlarini olib borish zarurligi qayd etilmoqda.





