#rasmiy_munosabat
2026-10-26 18:45:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Yangibozor hududida joylashgan qabristonning holati keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda qabristondagi ayrim qabrlar atrofidagi temir panjaralar shikastlangani hamda hududda yong‘in sodir bo‘lgani haqida so‘z ketgan. Mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Madaniy meros agentligining Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan mazkur holat joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish davomida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Ittifoq MFY hududida joylashgan rus-koreys qabristonida davlat muhofazasiga olingan “Akkutaytepa” arxeologiya yodgorligi mavjudligi aniqlandi. Mazkur qabriston Yuqori Chirchiq tumani Obodonlashtirish boshqarmasi balansida hisoblanadi.
Aniqlanishicha, qabriston hududida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida qurib qolgan o‘t-o‘lan va xas-xashaklar yongan. Biroq o‘rganish natijalariga ko‘ra, “Akkutaytepa” arxeologiya yodgorligiga zarar yetmagan.
Shuningdek, qabriston hududini saqlash va obodonlashtirish masalalari Yuqori Chirchiq tumani Obodonlashtirish boshqarmasi vakolatiga kiradi. Ayni vaqtda mazkur boshqarma tomonidan qabriston hududida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
