RASMIY MUNOSABAT
2026-10-16 16:20:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyati tugatilayotgani, uning binosi sirli ravishda boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani hamda madaniy meros obyektlariga zarar yetkazilish xavfi borligi haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi binosining (asliyatda — “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi”) Davlat yoshlar teatriga biriktirilishi va fondlarning ko‘chirilishi yuzasidan yuzaga kelgan savollarning huquqiy va faktologik asoslarini to‘liq ochib berish maqsadida o‘rganish ishlari olib bordi.
Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, A. Navoiy ko‘chasi, 69-uy manzilida joylashgan ushbu obyekt Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga (Toshkent shahar bo‘limi, 12-band) kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.
Ushbu obyektning boshqa foydalanuvchiga o‘tkazilishi uning “Madaniy meros obyekti” maqomini mutlaqo o‘zgartirmaydi. “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq, moddiy madaniy meros obyektining foydalanuvchisi yoki mulkdori kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning tashqi va ichki ko‘rinishini obyekt pasportiga kiritilgan muhofaza mazmuni ma’lumotlariga muvofiq holda saqlash majburiyati o‘z kuchida qoladi. Foydalanuvchi o‘zgarishi huquqiy majburiyatlarni bekor qilmaydi, balki yangi foydalanuvchi (teatr) zimmasiga yuklaydi.
Mazkur obyekt tarixan va arxitekturaviy jihatdan “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi” sifatida barpo etilgan bo‘lib, Davlat yoshlar teatri uzoq yillardan buyon ushbu majmuaning bir qismida faoliyat yuritib keladi. Bino hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi — mazkur majmuani yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlab qolish va teatrning kengaygan ehtiyojlari (repetitsiya zallari, grim xonalari, dekoratsiya ustaxonalari) uchun sharoit yaratishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qarori 4-bandining to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq, “davlat ko‘chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi”. Bino madaniy meros obyektlari ro‘yxatida bo‘lgani bilan Madaniy meros agentligi balansida emas, balki Fanlar akademiyasi tizimida bo‘lgan va balansda saqlovchining taklifi inobatga olinib, Hukumat qarori bilan operativ boshqaruv huquqi asosida Davlat yoshlar teatriga tekin foydalanishga berilgan.
Bino Hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi — mazkur majmuani yagona madaniy majmua sifatida saqlab qolishdir.
Obyektni ta’mirlash va tiklash loyihasi Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan qat’iy nazoratga olingan va ikki bosqichga bo‘lingan:
- Tashqi fasad loyihasi: Kengashning 2026-yil 18-20-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor yig‘ilishining 11-sonli bayoni 55-bandi bilan ma’qullangan. Unga ko‘ra, binoning tashqi qismini joriy ta’mirlash, tashqi tomondagi deraza romlarini almashtirish hamda bino atrofi hududini “Ko‘ksaroy” graniti bilan qoplash ishlari belgilangan. Kengash loyihada yo‘qolib ketgan kichik arxitektura elementlarining izlarini qayta tiklash hamda bino tashqi ko‘rinishida qat’iy ravishda RAL 1015 NCS 0510-Y30R rangini qo‘llash shartini qo‘ygan. Ushbu 1-bosqich loyiha-smeta hujjatlari 4 612 000 000 (to‘rt milliard olti yuz o‘n ikki million) so‘m etib belgilangan va hozirda ishlar olib borilmoqda.
- Ichki qism va Ch.Axmarov hamda T.Sa’dullaevning devoriy suratlari (pannolari) taqdiri: Ichki qismni ta’mirlash va restavratsiya qilish masalasi 2-bosqichga kiritilgan. Bu bo‘yicha loyiha hujjatlari takomillashtirilmoqda. Agentlik tomonidan ichki zallaridagi betakror devoriy suratlarni va Chingiz Axmarov qalamiga mansub g‘azallar sujeti aks etgan noyob san’at asarlarini ko‘chirish mutlaqo imkonsiz deb baholangan. Ular joyida asl holicha saqlanadi va Kengash tomonidan ichki ta’mirlash loyihasi faqat ushbu devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish sharti bilangina ikkinchi bosqichda ko‘rib chiqiladi.
Muzey fondidan o‘rin olgan noyob eksponatlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 234-F-sonli farmoyishiga asosan, Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan zamonaviy bino ishga tushgunga qadar vaqtinchalik xavfsiz saqlash uchun Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga ko‘chirilmoqda.
Ko‘chirilgan madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun ushbu muassasalar rahbariyati, binoning moddiy daxlsizligi va restavratsiya jarayonlarining qonuniyligi uchun esa PQ-5150-son qarorning 3 va 16-bandilariga muvofiq, Madaniy meros agentligi bevosita shaxsiy va yuridik javobgardir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi jamoatchilikka shuni ma’lum qiladiki, Agentlik yurtimizdagi har bir tarixiy bino va moddiy madaniy meros obyektini asrash, ularni hech qanday tijoriy yoki begona manfaatlar qurboniga aylantirmaslik borasida murosasiz va qat’iy pozitsiyadadir. Binoning Yoshlar teatriga berilishi uni muhofazadan chiqarish yoki buzib yuborish degani emas. Binoning davlat muhofazasidagi maqomi va unga qo‘yiladigan qonuniy talablar mutlaqo o‘zgarmaydi.
- Agentlik mazkur binoda olib borilayotgan 4,6 milliard so‘mlik fasad ta’mirlash ishlarining har bir bosqichini, ayniqsa, ikkinchi bosqichdagi ichki zallari va Chingiz Axmarov merosi nazoratini o‘z zimmasiga oladi va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaydi.
- Biz jamoatchilik nazoratini olqishlaymiz va tarixiy binolarimizni asrab-avaylash uchun barcha huquqiy, ma’muriy va sud organlari darajasidagi choralarni ko‘rishga tayyormiz.
Agentlik sohaga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida ushbu obyekt ustidan monitoring nazoratini davom ettiradi.
“O‘zbekistonning hech bir tarixiy binosi va hech bir madaniy meros obyekti tijorat yoki boshqa yot manfaatlar qurboniga aylanmasligi kerak. Binoning Yoshlar teatriga topshirilishi uning davlat muhofazasidan chiqarilishini anglatmaydi va bundan tashqari, uni buzishga ham huquq bermaydi. Madaniy meros obyekti maqomi hamda uni saqlash bo‘yicha qonunda belgilangan barcha talablar o‘zgarishsiz qoladi. Biz ushbu tamoyilni izchil himoya qilamiz”, — Elmurod Najimov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari.
