Samarqand tarixining arxeologik xaritasi italyan tilida nashr etildi
2026-10-06 14:45:00 / Yangiliklar

Italiyaning Bolonya universiteti nashriyoti tomonidan taniqli o‘zbek arxeologi Amriddin Berdimurodov va italiyalik arxeolog Simone Mantellining “O‘rta Zarafshon vodiysining arxeologik xaritasi. 1-jild: Samarqand shahri” nomli fundamental asari nashrdan chiqarildi. Mazkur kitob Samarqand shahri va vohasidagi arxeologik merosni hujjatlashtirishga qaratilgan yirik ilmiy loyihaning dastlabki jildi hisoblanadi.
Unda ko‘p yillik arxiv tadqiqotlari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hamda zamonaviy GIS texnologiyalari asosida to‘plangan keng qamrovli ma’lumotlar jamlangan. Asarda Samarqand shahri hududidagi arxeologik va me’moriy yodgorliklar, tarixiy hamda madaniy meros obyektlar tizimli ravishda aks ettirilib, ularning joylashuvi, yaratilgan davri va hajmi kabi ma’lumotlar keltirilgan.
Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Amriddin Berdimurodovning ta’kidlashicha, Samarqand va O‘rta Zarafshon vodiysi hududida olib borilgan tadqiqotlar davomida qadimgi aholi manzilgohlari, sug‘orish tizimlari va tarixiy landshaftning rivojlanish bosqichlari o‘rganilgan. Tadqiqotlar natijasida ilgari noma’lum bo‘lgan ko‘plab arxeologik yodgorliklar aniqlanib, ilmiy muomalaga kiritilgan.
Kitobning muhim jihatlaridan biri — Samarqand tarixiy merosini nafaqat mashhur me’moriy obidalar, balki qadimiy aholi manzilgohlari, sug‘orish inshootlari, karvon yo‘llari va tarixiy landshaftlar bilan birgalikda kengroq nuqtayi nazardan o‘rganish imkonini berishidir. Mazkur ilmiy nashr Samarqandning arxeologik merosini tizimli ravishda hujjatlashtirish, ilmiy tadqiq etish va xalqaro ilmiy jamoatchilikka targ‘ib qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
