#rasmiy_munosabat
2026-10-05 17:55:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi hovlisida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, quyidagilar ma’lum qilinadi.
Joriy yilning 3-oktabr kuni Qo‘qon shahrida joylashgan Xudoyorxon o‘rdasi hududida “A.klub” nomi ostida bir guruh ayollar ishtirokida “Chopon pati” tadbiri o‘tkazilgan. Mazkur tadbir “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi rahbariyati tomonidan Madaniy meros agentligi bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda tashkil etilgan.
Madaniy meros agentligining 2024-yilda qabul qilingan tegishli buyrug‘i talablariga muvofiq, davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy-ma’rifiy, ommaviy va boshqa tadbirlar belgilangan tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi madaniy meros obyekti sifatida alohida muhofaza qilinishi lozim. Shu sababli mazkur hududda har qanday tadbirni tashkil etishda obyektning madaniy ahamiyati, uning tarixiy qiyofasini asrash, muhofaza qilish va foydalanish talablariga qat’iy rioya etilishi shart.
Yuqoridagi holat yuzasidan “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori M. Mavlonqulovga madaniy meros obyektlarining saqlanishi, ulardan belgilangan tartibda foydalanilishi hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi borasidagi xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Madaniy meros agentligi tomonidan ushbu holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, kelgusida madaniy meros obyektlari va muzey-qo‘riqxonalar hududida tadbirlarni belgilangan tartib va talablarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha nazorat choralari kuchaytiriladi.
