Buxoroda Somoniylar davriga oid noyob ganch panel qoldiqlari aniqlandi
2026-09-29 12:15:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida O‘zbekiston–AQSh xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar davomida Somoniylar davriga oid jome masjidining me’moriy bezaklariga mansub, kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari aniqlandi.
Arxeologik tadqiqotlarda O‘zbekiston va AQSh mutaxassislari bilan bir qatorda Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzaxmedovning ta’kidlashicha, aniqlangan ganch panel qoldiqlari bizgacha to‘liq va yaxshi saqlangan holatda yetib kelmagan. Shu bois topilmani saqlab qolish maqsadida mutaxassislar tomonidan restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda. Mazkur topilma Buxoroning Somoniylar davri me’morchiligi, xususan, ganch o‘ymakorligi va epigrafik bezak an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy manba sifatida ahamiyatga ega.
Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligida arxeologik tadqiqotlar bilan bir qatorda aniqlangan me’moriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.


