Jizzax viloyatida yangi tosh davri makonlari va petrogliflar aniqlandi
2026-09-28 13:25:00 / Yangiliklar

Joriy yilning sentabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida arxeologik dala-qidiruv ishlari olib borildi. Tadqiqotlar davomida Zomin tumanining bir qator hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik obyektlar aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit davriga, Peshag‘or qishlog‘ida esa neolit davriga oid makonlar qayd etildi. Shuningdek, Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi hamda Arja qishlog‘i hududlarida neolit davriga mansub topilmajoylar aniqlandi.
Bir hudud doirasida paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning aniqlanishi Zomin vohasi va Turkiston tizmasining mazkur qismida qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida yashab, hududdan muntazam foydalanganini ko‘rsatadi. Yangi topilmalar Turkiston tizmasida tosh davri jamoalarining tarqalishi, yashash muhiti va xo‘jalik faoliyatini o‘rganish uchun muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Dala-qidiruv ishlari davomida Sharof Rashidov tumanining Ravot qishlog‘i, Ravotsoyning chap sohilida ham yangi qoyatosh suratlari majmuasi aniqlandi. Yetti dona slanets qoyatosh yuzasida jami 30 ga yaqin petroglif qayd etildi. Qoyatosh tasvirlari orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi hamda kamondan o‘q uzayotgan ovchi tasvirlari mavjud. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, mazkur petrogliflar bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrlar bilan bog‘lanadi.
Aniqlangan yangi arxeologik obyektlar va petrogliflar Jizzax vohasi hamda Turkiston tizmasining qadimgi tarixini, xususan, bu hududlarda qadimgi jamoalarning yashash tarzi, tarqalishi va madaniy jarayonlarini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Kelgusida mazkur yodgorliklarda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar olib borish, topilmalarni davrlashtirish, ilmiy hujjatlashtirish hamda ularning tarixiy-madaniy ahamiyatini chuqurroq o‘rganish ishlari davom ettiriladi.




