Angren shahar tarixi muzeyi faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi
2026-09-21 10:15:00 / Yangiliklar

Angren shahar tarixi muzeyida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish munosabati bilan muzeyning tashrif buyuruvchilarni qabul qilish bilan bog‘liq faoliyati 2026-yil 22-sentabrdan 2027-yil 1-mayga qadar vaqtincha to‘xtatiladi.
Mazkur qaror muzey binosida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari, Agentlik Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy xulosa berilganligi hamda 2026-yil uchun tasdiqlangan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros obyektlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilganligi asosida qabul qilindi.
Ta’mirlash-tiklash ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari hamda shaharsozlik, qurilish va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Shuningdek, ta’mirlash ishlari davomida muzey ashyolari va kolleksiyalarining xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ekspozitsiyadagi muzey ashyolari xavfsiz demontaj qilinib, maxsus xonalarga joylashtiriladi hamda ularning but saqlanishi va qo‘riqlanishi ta’minlanadi.
Ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlangach, muzey tashrif buyuruvchilar uchun yangilangan sharoitlarda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
