А.Qodirov bayonotlariga faktlar va hujjatlar asosida rasmiy munosabat
2026-09-19 17:35:00 / Yangiliklar

So‘nggi kunlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tomonidan Madaniy meros agentligi faoliyati, ayrim madaniy meros obyektlarining holati va ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan munosabat yuzasidan bir qator bayonotlar bildirildi.
Agentlik tanqid va savollardan qochmaydi. Biroq jamoatchilik oldidagi muhokamalarda tanqid fakt bilan, da’vo esa hujjat bilan tekshirilishi kerak.
Shu sababli Agentlik shaxsiy munosabat bildirish o‘rniga A. Qodirov tomonidan tilga olingan har bir masala bo‘yicha aniq raqamlar, qarorlar va amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beradi.
Eng avvalo, bir holatga aniqlik kiritish lozim.
A.Qodirov tomonidan “Sarmishsoy” muzey-qo‘riqxonasidan tashqari tilga olingan bir qator obyektlar bo‘yicha hamda aynan u ko‘targan masalalar yuzasidan Agentlikka partiya yoki fraksiya nomidan avval rasmiy deputatlik so‘rovi kelib tushmagan.
Jumladan, Sarmishsoy bo‘yicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari A.Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan 2025-yilda Navoiy viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasining holati alohida o‘rganilgan.
Mazkur o‘rganishlar natijalari bo‘yicha 2025-yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati K.Tojiyev tomonidan Madaniy meros agentligi direktoriga deputatlik so‘rovi kiritilgan. Unda “Sarmishsoy” muzey-qo‘riqxonasida turistlar uchun sharoitlar yaratish, petrogliflarni muhofaza qilish, axborot taqdimotini yaxshilash, malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, turistlar oqimini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda zamonaviy infratuzilma va raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar ko‘tarilgan.
Ushbu so‘rov bo‘yicha Agentlik tomonidan belgilangan tartibda rasmiy javob berilgan.
Shu bilan birga, ayrim masalalar bo‘yicha Agentlikka boshqa deputatlar tomonidan ham rasmiy murojaat va deputatlik so‘rovlari yuborilgan hamda ularga belgilangan tartibda javob berilgan.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan Xusanov Artiqali Ziyodinovichning (Mingtepa madaniy meros jamoat fondi raisi) Mingtepa madaniy meros obyekti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan hujjatlar ijrosi ta’minlanmay kelayotganligi yuzasidan yo‘llagan murojaatini atroflicha ko‘rib chiqish, tegishli choralarni ko‘rish hamda natijasi bo‘yicha muallifga va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda xabar berish so‘ralib, 2025-yilda Agentlikka murojaat qilingan. Agentlik tomonidan mazkur murojaatga qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiy javob berilgan.
Mizdahkon, Shohi Zinda, Buxorodagi Qur’on qo‘lyozmasi va Mingtepa bo‘yicha hozir ommaviy tarzda ko‘tarilayotgan masalalar yuzasidan avval rasmiy deputatlik so‘rovi bo‘lmaganiga qaramay, Agentlik ushbu masalalar bo‘yicha ham jamoatchilikka batafsil ma’lumot bermoqda.
Chunki madaniy meros sohasida davlat organining vazifasi faqat kimdir savol berganidan keyin harakat qilishdan iborat emas.
Muammo mavjud bo‘lsa — uni aniqlash, tegishli choralarni ko‘rish va jamoatchilikka hisobot berish Agentlikning bevosita vazifasidir.
- Sarmishsoy: “milliardlar sarflandi, lekin hech narsa qilinmayapti” degan tasavvur haqida
Sarmishsoyda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish va turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida davlat budjetidan 4,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Ushbu mablag‘lar hisobidan:
- 2 ta kirish darvozasi;
- axborot markazlari;
- petrogliflarga olib boruvchi 2,5 km piyoda yo‘lagi;
- 5 ta soyabon;
- avtoturargoh;
- quyosh energiyasida ishlovchi tungi yoritish tizimi;
- videokuzatuv kameralari;
- kuzatuv binokllari;
- boshqa zarur infratuzilma obyektlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Agentlik jamg‘armasi mablag‘laridan yana 1,2 mlrd. so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan tashrif buyuruvchilar markazi va dara boshlanish qismida nazorat punkti tashkil etilmoqda.
Hududda:
- 2 ta zamonaviy qo‘riqlash posti;
- videokuzatuv;
- doimiy monitoring;
- ichki ishlar organlari bilan hamkorlik;
- dronlar;
- aloqa va muhofaza vositalari joriy etilgan.
Quyosh panellari o‘rnatish, obodonlashtirish va infratuzilmani yanada takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Shunday ekan, “Sarmishsoyga milliardlab mablag‘ sarflandi, ammo Agentlik hech qanday ish qilmadi” degan xulosa amalga oshirilgan ishlar va ajratilgan mablag‘lar bilan tasdiqlanmaydi.
Agar hududning ayrim qismlarida kamchiliklar mavjud bo‘lsa, Agentlik ularni yashirmaydi.
Lekin mavjud kamchiliklarni sanab o‘tish boshqa, amalga oshirilgan ishlarni inkor qilish esa mutlaqo boshqa masala.
2. Mizdahkon: “tashlandiq” degan tasavvurga qarshi faktlar
Mizdahkon majmuasi ham davlat muhofazasidan chetda qolgan emas.
2017-yilda davlat budjetidan 800 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, Mazlumxon Suluv, Madaminxon, Qirq cho‘pon va Shomun Nabiy maqbaralarida ta’mirlash-restavratsiya ishlari amalga oshirilgan.
2024-yilda Mazlumxon Suluv maqbarasiga yana 290 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Maqbara atrofida himoya to‘sig‘i o‘rnatilgan.
Rajab Xalifa masjid-maqbarasida konservatsiya va arxeologik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 80 ming AQSh dollari miqdorida grant jalb qilingan.
Shuning uchun Mizdahkon bo‘yicha “Agentlik bu obyekt bilan shug‘ullanmayapti” degan tasavvurni mavjud hujjatlar va amalga oshirilgan ishlar bilan asoslab bo‘lmaydi.
3. Shohi zinda: “og‘ib ketyapti” degan da’voga ilmiy o‘lchovlar javob beradi
Shohi Zinda majmuasining kirish peshtoqi 2022–2023-yillarda Polsha mutaxassislari ishtirokida o‘rganilgan.
Tadqiqotlar davomida obyektning vertikal o‘qqa nisbatan og‘ishi avvaldan mavjud ekani aniqlangan:
- chap tomonda — 46 sm;
- o‘ng tomonda — 31 sm.
Eng muhim jihat — obyekt qayta o‘lchangan.
Qiyosiy o‘lchovlarda yangi sezilarli deformatsiya aniqlanmagan.
Aksincha:
- chap tomondagi og‘ish 4 mmga kamaygan;
- o‘ng tomondagi og‘ish taxminan 8 mmga kamaygan.
Demak, “Shohi Zinda og‘ib ketyapti” degan xavotirni yangi deformatsiya sifatida talqin qilish mavjud texnik o‘lchovlarga mos kelmaydi.
Obyektning texnik holati vizual taassurot bilan emas, muhandislik monitoringi, instrumental o‘lchov va ilmiy ekspertiza asosida baholanadi.
Yo‘l harakati ta’siri bo‘yicha ham asoslangan texnik ma’lumot mavjud bo‘lsa, Agentlik uni o‘rganishga tayyor.
4. Buxorodagi Qur’on qo‘lyozmasi: “omborga tashlab qo‘yilgan” degan gap haqida
“Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan Qur’on qo‘lyozmasi muzey fondlarini saqlash talablariga muvofiq tarzda Ark qo‘rg‘onining birinchi qavatidagi fond saqlash xonasida saqlanmoqda.
Shu sababli qo‘lyozmani “talabga javob bermaydigan omborga tashlab qo‘yilgan” deb ifodalash amaldagi saqlash tartibini aks ettirmaydi.
Biroq Agentlik bu masalada “hammasi joyida” deb muammoni yopib qo‘yish pozitsiyasida ham emas.
Qo‘lyozmaning holatini barqarorlashtirish, uni konservatsiya qilish va zarur restavratsiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida xalqaro mutaxassislar jalb etilmoqda.
Jumladan, qog‘oz va pergament materiallarini konservatsiya va restavratsiya qilish bo‘yicha mutaxassis Aksel Deloni jalb qilinish rejalashtirilgan.
U 2023-yilda O‘zbekiston–Fransiya hamkorligi doirasida Katta Langar Qur’onining ayrim sahifalarini restavratsiya qilish ishlarida ham ishtirok etgan. 2026-yildagi missiyani tashkil etish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Demak, bu yerda ham fakt bilan bayonot o‘rtasidagi farq mavjud:
Qo‘lyozma tashlab qo‘yilmagan: u muzey fondida saqlanmoqda va uning konservatsiyasi bo‘yicha qo‘shimcha professional choralar ko‘rilmoqda.
5. Mingtepa: yer masalasi bo‘yicha xronologiyani bilmasdan xulosa qilish mumkin emas
Mingtepa — Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan, Dovon davlati tarixi bilan bog‘liq muhim arxeologik yodgorlik. Obyekt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori asosida milliy ro‘yxatga kiritilgan. Biroq Mingtepa atrofidagi yer munosabatlari bu qarordan ancha oldin shakllangan.
Xususan, Marhamat tumani hokimining 2006-yil 19-maydagi 163-K-son qarori bilan ayrim yer maydonlari bog‘ va uzumzorlar tashkil etish uchun ajratilgan.
Jumladan:
- 1,12 gektar yer maydoni fuqaro G.Buronovga 50 yil muddatga 40547-son shartnoma asosida ijaraga berilgan;
- yana 26 gektar yer maydoni 21 nafar fuqaroga ajratilgan.
Bu faktlar muhim. Chunki 2006-yildagi yer munosabatlarini go‘yoki 2019-yilda yodgorlik milliy ro‘yxatga kiritilgandan keyin Agentlik tomonidan yo‘l qo‘yilgan holat sifatida ko‘rsatish voqealar xronologiyasini buzib ko‘rsatish bo‘ladi.
Shu bilan birga, obyekt muhofaza maqomiga kiritilgandan keyin Agentlik va hududiy madaniy meros organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan.
2020-yil 19-avgustdagi 01-06/778-son xat bilan Marhamat tumani hokimligiga bog‘ va uzumzorlardan foydalanuvchilarga muqobil yer ajratish masalasida amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.
Yodgorlik hududida qishloq xo‘jaligi ishlaridan foydalangan 22 nafar fuqaroga ogohlantirish berilgan.
Hozirda o‘zboshimchalik bilan yer egallash holatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Bundan tashqari, Mingtepani muhofaza qilish va muzeylashtirish uchun davlat mablag‘lari ham yo‘naltirilgan:
- 2024-yil — 1,2 mlrd. so‘m;
- 2025-yil — 1,2 mlrd. so‘m;
- jami — 2,4 mlrd. so‘m.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va Farg‘ona davlat universiteti mutaxassislari tadqiqotlarga jalb qilingan. Madaniy qatlamlar asosida yodgorlik chegaralari aniqlanmoqda. Noqonuniy egallangan yerlar aniqlanib, yodgorlik hududiga kiritilmoqda. Muhofaza choralari kuchaytirilmoqda.
Muzeylashtirish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan va ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuning uchun “Mingtepada yerlar fermerlarga berildi, Agentlik esa buni ko‘rib turibdi” degan soddalashtirilgan xulosa masalaning haqiqiy huquqiy va tarixiy xronologiyasini aks ettirmaydi.
6. Bobur ko‘chasi, 7-uy: eng ko‘p buzib ko‘rsatilgan masala
A.Qodirovning “qaysidir rus rassomining uyi” mazmunidagi bayonoti jamoatchilikda obyektning huquqiy maqomi va tarixiy qiymati haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin.
Shuning uchun bu yerda ham faktlar bilan gapiramiz.
Bobur ko‘chasi, 7-uy 1935-yilda qurilgan.
Bino Toshkentda faoliyat yuritgan taniqli me’mor Aleksey Viktorovich Shchusev nomi bilan bog‘liq.
Turli yillarda ushbu binoda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan olim va professorlar yashagan.
Obyektning madaniy meros sifatidagi maqomi esa kimningdir millatiga qarab emas, uning tarixiy, me’moriy va madaniy qiymati asosida belgilangan.
2020-yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi obyektni Milliy ro‘yxatga kiritishni ma’qullagan. 2021-yilda obyektni Milliy ro‘yxatdan chiqarish masalasi ko‘rib chiqilgan va rad etilgan.
Bino hozir ham davlat muhofazasida turibdi.
Shu bilan birga, mazkur obyektga respublika budjeti hisobidan shu kunga qadar mablag‘ sarflanmagan.
Ya’ni jamoatchilikka “Agentlik davlat mablag‘larini qaysidir rus rassomining uyini saqlashga sarflayapti” degan tasavvur berish mavjud moliyaviy ma’lumotlarga mos kelmaydi.
Bundan ham muhimrog‘i:
Agentlik mazkur obyektning saqlanishini ta’minlash masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga rasmiy murojaat qilgan.
Murojaatda Toshkent shahar hokimining 2018-yil 30-oktabrdagi 1550-son qaroriga huquqiy baho berish hamda obyektning buzilishi yoki shikastlanishining oldini olish choralarini ko‘rish so‘ralgan.
Bu yerda prinsipial nuqta bor.
Madaniy merosni millat bilan emas, qadriyat bilan o‘lchaylik!
Tarixiy obidani kim yaratgani emas, uning insoniyat va jamiyat uchun tutgan o‘rni madaniy meros sifatidagi maqomini belgilaydi.
O‘zbek, rus, tojik, yevropalik yoki boshqa millat vakili bunyod etgan bo‘lishidan qat’i nazar, tarixiy obyekt madaniy meros bo‘lib qolaveradi. Chunki madaniy meros — bu xalqlarni ajratuvchi emas, ularni bog‘lovchi qadriyatdir.
Madaniy meros — tarixning umumiy xotirasi. Uni asrash ham millat tanlamaydi, mas’uliyat tanlaydi.
7. “Agentlik faqat sovet davri obyektlariga e’tibor beradi” degan da’vo haqida
Bu da’voni ham umumiy gap bilan emas, raqamlar bilan tekshirish mumkin.
2026-yil birinchi yarmida restavratsiya, ta’mirlash, rekonstruksiya va arxeologik tadqiqotlarga 79,4 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Shundan 77,6 mlrd. so‘m — 97,7 foizi o‘zlashtirilgan.
60 ta madaniy meros obyektini restavratsiya va ta’mirlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Mazkur obyektlar faqat sovet davrida barpo etilganlarni tashkil qilmaydi. Aksincha, ular boy tariximizning turli davrlariga tegishlidir.
28 ta obyekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
39 ta obyekt bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosalari olingan.
Ishlar:
- Jizzax;
- Samarqand;
- Toshkent;
- Surxondaryo;
- Andijon;
- Xorazm;
- Sirdaryo;
- Farg‘ona viloyatlari;
- Toshkent shahri hududlarida olib borilmoqda.
Demak, Agentlik faoliyatini “qaysidir davr obyektlariga alohida mehr” degan subyektiv tasavvur bilan emas, qaysi obyektda qanday muhofaza chorasi ko‘rilgani, qancha mablag‘ sarflangani va qanday natija olingani bilan baholash mumkin.
8. Endi savol boshqacha qo‘yilishi kerak
Agentlik tanqidga qarshi emas.
Aksincha, deputatlar, siyosiy partiyalar, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati tomonidan madaniy meros masalalarining ko‘tarilishi tabiiy. Biroq siyosiy bayonotda aytilgan har bir raqam, har bir fakt va har bir ayblov jamoatchilik oldida mas’uliyat bilan tekshirilishi kerak.
Chunki:
4,2 mlrd. so‘m sarflangan obyektga “hech nima qilinmadi” deyish — faktni inkor qilishdir.
2,4 mlrd. so‘m davlat mablag‘i yo‘naltirilgan Mingtepa bo‘yicha “Agentlik qarab turibdi” deyish — amalga oshirilgan ishlarni chetlab o‘tishdir.
2022–2023-yillarda xalqaro mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan Shohi Zinda holati haqida yangi deformatsiya bordek gapirish — texnik o‘lchovlarni e’tiborsiz qoldirishdir.
Muzey fondida saqlanayotgan Qur’on qo‘lyozmasini “omborga tashlab qo‘yilgan” deb atash — amaldagi saqlash tartibini noto‘g‘ri talqin qilishdir.
2006-yildagi yer munosabatlarini 2019-yildagi madaniy meros maqomi bilan aralashtirish — voqealar xronologiyasini buzishdir.
Bobur ko‘chasi, 7-uyni “rus rassomining uyi” deb atash — obyektning tarixiy va madaniy qiymatini uning millatiga bog‘lashdir.
Bobur ko‘chasi, 7-uyning Toshkent tarixiy shahar muhitining shakllanishidagi o‘rni, o‘z davriga xos me’moriy qiyofasi, bezak elementlari va XX asr me’morchiligi an’analarini aks ettirishi — uning tarixiy-madaniy ahamiyatini belgilovchi asosiy omillardir.
Shu bois mazkur obyektni “rus rassomining uyi” degan ta’rif bilan cheklash — uning haqiqiy tarixiy va me’moriy qiymatini toraytirib ko‘rsatishdir. Madaniy meros obyektining qadrini uning yaratuvchisi yoki foydalanuvchisining millati emas, balki uning tarixiy, ilmiy, me’moriy, badiiy va madaniy ahamiyati belgilaydi.
Bularning barchasi jamoatchilikda madaniy meros sohasidagi haqiqiy holat haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo qilishi mumkin.
Shu sababli Agentlikning pozitsiyasi aniq:
Tanqid — ochiqmiz.
Savol — ochiqmiz.
Parlament nazorati — qonun doirasida, albatta, ochiqmiz.
Lekin faktlar buzib ko‘rsatilganda, Agentlik hujjatlar bilan javob berishga haqli.
9. Agentlik hisobot berishdan qochmaydi
Agentlik parlament oldida ham, jamoatchilik oldida ham hisobdorlikni tabiiy vazifa deb biladi. Agar parlamentda hisobot so‘ralsa, belgilangan tartibda barcha ma’lumotlar, hujjatlar va amalga oshirilgan ishlar taqdim etiladi.
Biroq bugunning o‘zida ham jamoatchilikka ma’lumot berish mumkin va berilyapti.
Chunki madaniy merosni muhofaza qilishda asosiy mezon:
Kim savol berdi — emas, qaysi obyekt muhofazaga muhtojligi muhim!
Agentlik har bir obyekt bo‘yicha huquqiy maqomni, texnik holatni, ekspertiza natijalarini, ajratilgan mablag‘ni, bajarilgan ishlarni, aniqlangan qonunbuzilishlarni, ko‘rilgan huquqiy choralarni ochiqlashtirishga tayyor.
