Sergey Yesenin memorial muzeyida olib borilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berildi
2026-09-16 20:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 16-sentabr kuni Toshkent shahridagi Sergey Yesenin memorial muzeyida Madaniy meros agentligi mas’ullari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Madaniy meros agentligining Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarma boshlig‘i Begzod Po‘latov, Yuridik bo‘lim boshlig‘i Axadulla Axmedov, Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sanjar Aripov hamda tegishli mutaxassislar ishtirok etdi.
Muloqot davomida muzey binosida ta’mirlash-tiklash ishlari nima sababdan amalga oshirilayotgani, obyektning bugungi texnik holati, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari hamda rejalashtirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, fuqarolar va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga muzey binosining yuk ko‘taruvchi qurilish konstruksiyalari holati bo‘yicha o‘tkazilgan vizual-instrumental texnik o‘rganish natijalari ham taqdim etildi. O‘rganishlar davomida binoning ayrim konstruktiv qismlarida turli darajadagi shikastlanish va yemirilish holatlari mavjudligi aniqlangan. Jumladan, devorlarning ayrim qismlarida qo‘llanilgan qurilish materiallarining bugungi holati qo‘shimcha texnik yechimlarni talab etishi qayd etilgan.
Shuningdek, mazkur holatlarning yuzaga kelishiga binodan uzoq yillar davomida foydalanish, konstruksiyalarning tabiiy eskirishi, tashqi muhit va boshqa omillar ta’sir ko‘rsatgani mutaxassislar tomonidan qayd etildi. Mutaxassislarning xulosalaridan kelib chiqib, binoning konstruktiv barqarorligini ta’minlash va tarixiy qiyofasini saqlab qolish uchun ta’mirlash-tiklash ishlarini tegishli texnik yechimlar asosida amalga oshirish zarurligi tushuntirildi.
Amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy maqsadi tarixiy binoni asrab-avaylash, uning konstruktiv qismlarini mustahkamlash hamda muzey faoliyati uchun xavfsiz va zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.
Ta’mirlash-tiklash ishlari davomida binoning tarixiy qiyofasi va madaniy qiymatini saqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Texnik o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, zarur konstruktiv qismlarni mustahkamlash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, muzey faoliyati va tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan ishlarning har bir bosqichi yuzasidan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga axborot berib borilishi ma’lum qilindi.
Madaniy meros agentligi tomonidan Sergey Yesenin memorial muzeyini asrab-avaylash, uning tarixiy va madaniy qimmatini saqlagan holda ta’mirlash-tiklash ishlarini belgilangan talablar asosida amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.



