Odirmon shahar yodgorligidan noyob ostodon va altar topildi
2026-09-14 14:10:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan Odirmon shahar arxeologik yodgorligida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar davomida diniy marosimlar bilan bog‘liq altar (mehrob) va noyob ostodon topildi. Mazkur yodgorlikda arxeologik qazishma ishlari joriy yilda ilk bor Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda.
Qazishmalar davomida yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan aniqlangan altarda yong‘in izlari yaxshi saqlangan. Uning balandligi 70 santimetr, eni 90 santimetrni tashkil etadi. Pol qismiga 18×28×2,5 santimetr o‘lchamdagi pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan bo‘lib, inshoot atrofi 2,5–3 santimetr qalinlikdagi loy suvoq bilan qoplangan. Suvoq qatlamlarining bir necha bor yangilangani altardan uzoq vaqt davomida foydalanilganini va u muntazam ta’mirlanganini ko‘rsatadi.
Yodgorlikdan aniqlangan ostodon ham alohida ilmiy ahamiyatga bo‘lib, uning tashqi yuzasida kiyik hamda archa daraxtiga o‘xshash naqshlar aks etgan. Mazkur tasvirlarning mazmuni restavratsiya ishlari yakunlangach yanada aniqroq o‘rganilishi kutilmoqda. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid. Aniqlangan altar va ostodon yodgorlikda yashagan qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari hamda dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Arxeologik tadqiqotlarning davom ettirilishi Odirmon shahar yodgorligining tarixiy-madaniy ahamiyatini yanada chuqurroq ochib berishga xizmat qilishi kutilmoqda.


