Qo‘rg‘ontepada ilk o‘rta asrlarga oid haykalning bosh qismi topildi
2026-09-11 18:30:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan olib borilayotgan arxeologik qazishma ishlari davomida muhim topilma aniqlandi.
Arxeologlar Alisher Sandiboyev, Amriddin Berdimurodov, Navro‘z Alimov va San’at Xo‘jamovlar ishtirokidagi tadqiqotlar jarayonida ilk o‘rta asrlarga oid ibodatxona qoldiqlari orasidan gipsdan ishlangan haykalning bosh qismi topildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur topilma Qo‘rg‘ontepa ibodatxonasining diniy-badiiy bezagi hamda o‘sha davr san’atini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Haykalning yuz tuzilishi, soch turmagi va boshqa ikonografik xususiyatlari qadimgi So‘g‘d san’atining o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Qazishmalar davomida aniqlangan xonalar qoldiqlari va boshqa arxeologik topilmalar ibodatxonaning ichki tuzilishi va vazifasi, shuningdek, bu yerda amalga oshirilgan diniy marosimlar haqida yangi ma’lumotlar olish imkonini bermoqda.
“O‘zbekistonning arxeologik salohiyati naqadar boy ekanini bunday topilmalar yana bir bor namoyon etmoqda. Biz nafaqat tarixiy-madaniy merosimizni asrashimiz, balki yangi avlod tadqiqotchilari uchun zarur sharoitlarni yaratishimiz kerak. 2027-yildan boshlab har yili arxeologik tadqiqotlarni, avvalo, yosh arxeologlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 milliard so‘m miqdorida grantlar ajratiladi. Iqtidorli mutaxassislar to‘laqonli arxeologik qazishmalar olib borishi, zamonaviy ilmiy usullardan foydalanishi va mamlakatimiz kelajagiga xizmat qiladigan yangi kashfiyotlarni amalga oshirishi uchun imkoniyat yaratishni maqsad qilganmiz”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov.
Ma’lumot uchun: 2024-yilda Qo‘rg‘ontepadagi mazkur ibodatxona qoldiqlari orasidan to‘rt qo‘lli ma’bud tasviri aks ettirilgan devoriy rangtasvir, shuningdek, sopol haykalga oid qo‘l va oyoq qismlari topilgan edi.
Bunday yodgorliklarni o‘rganish qadimgi O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqidagi ilmiy tasavvurlarni kengaytirish bilan birga, o‘tmishning noyob dalillarini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash imkonini beradi.



