Samarqandda qadimiy qabr qoldiqlari aniqlandi
2026-09-10 18:55:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyatining Payariq tumanida yer qazish ishlari jarayonida fuqaro tomonidan qadimiy qabr qoldiqlari aniqlandi. Qazish jarayonida inson suyak qoldiqlari, bronzadan yasalgan bilaguzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan. Fuqaro topilma haqida zudlik bilan Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan.
Institut mutaxassislari tomonidan topilma joyi ko‘zdan kechirilib, aniqlangan arxeologik ashyolar va inson suyak qoldiqlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ilmiy o‘rganish uchun qabul qilib olindi. Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, topilgan bronza bilaguzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi. Ularning shakli va bezak xususiyatlari bronza davrining so‘nggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlar bilan o‘xshashlik kasb etadi.
Zarafshon vodiysidagi qator manzilgoh va qabristonlardan ham bronza davriga oid, dasht chorvador aholisining madaniyati bilan bog‘liq arxeologik materiallar aniqlangan. Bunday yodgorliklar, odatda, miloddan avvalgi XIII–X asrlar bilan sanalanib, Andronovo–Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi. Shu bilan birga, Darvozagaza qishlog‘ida aniqlangan yangi topilmaning aniq davri va madaniy mansubligi hozircha uzil-kesil belgilanmagan. Mazkur masalaga maxsus arxeologik qazishmalar, antropologik tadqiqotlar hamda metall buyumlarning laboratoriya tahlillari natijasida aniqlik kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz! Yer qazish yoki qurilish ishlari jarayonida qadimiy buyumlar, inshoot qoldiqlari yoki inson suyaklari aniqlangan taqdirda, ishlarni darhol to‘xtatish hamda tegishli davlat organlari va arxeologiya mutaxassislariga xabar berish lozim. Bunday mas’uliyatli munosabat madaniy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.

