Boburtepa yodgorligida noyob devoriy surat aniqlandi
2026-08-26 20:00:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari hamda noyob devoriy surat namunasi aniqlandi.
Tadqiqotlar davomida inshoot xonalaridan birining g‘arbiy devorida gil suvoq ustiga ishlangan lola va oq gullar tasviri topildi. Gullar qizil rangdagi ingichka to‘lqinsimon chiziqlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Devoriy surat keyinchalik oq ohakli suvoq qatlami bilan qoplangan.
Binoning mahobatli va qalin devorlari, shuningdek, undagi bezaklar mazkur inshoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kelgusida olib boriladigan qazishma va tadqiqotlar inshootning asl vazifasi, me’moriy tuzilishi hamda tarixiy ahamiyatini yanada aniqlash imkonini beradi.
Arxeologik tadqiqotlar Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda.


