#rasmiy_munosabat
2026-08-25 18:05:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon majmuasi (Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi)da o‘rnatilgan “taxt” bilan bog‘liq turli fikr va mulohazalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan mazkur buyum muzey eksponati hisoblanmaydi. Ushbu taxt 2018-yilda “Qo‘qon shamoli” tarixiy filmi suratga olish jarayonlari uchun rekvizit (dekoratsiya) sifatida tayyorlangan bo‘lib, suratga olish ishlari yakunlangach, Katta salomxonadagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida vaqtincha qoldirilgan.
Shu bilan birga, muzey rahbariyati tomonidan Xudoyorxon saroyining tarixiy qiyofasiga mos, ilmiy va tarixiy manbalarga asoslangan taxt nusxasini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2024-yil may oyida muzey rahbariyati Sankt-Peterburg shahridagi Davlat Ermitajiga tashrif buyurib, taxtning asl nusxasi mazkur muzeyda saqlanmasligi aniqlangan.
Hozirgi vaqtda mavjud tarixiy manbalar asosida taxtning tavsifi va unga oid hujjatlar o‘rganib chiqilmoqda. Taxtni qayta tiklash ishlarida foydalanish uchun Qirg‘iziston tog‘larida o‘suvchi maxsus qora yong‘oq daraxtining materiallari xarid qilingan. Taxtni bezash va ishlov berish ishlari uchun Eronning Maloir shahri ustalari bilan aloqa o‘rnatilgan. Yog‘och o‘ymakorligi ishlari esa O‘zbekiston Respublikasi ustasi Mirzo Yunus Umarov tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, tarixiy manbalar va ilmiy asoslar asosida taxtning munosib nusxasini yaratish murakkab va ko‘p bosqichli jarayon hisoblanadi va ushbu ishlar 2028-yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilganligini ma’lum qilamiz.
