Ilmiy-ekspert kengashi navbatdagi majlisda 41 ta loyihani ko‘rib chiqadi
2026-08-13 18:15:00 / Yangiliklar

2026-yil 13–14-avgust kunlari Toshkent shahrida Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ikki kun davom etadigan yig‘ilishda respublikaning turli hududlaridan taqdim etilgan madaniy meros obyektlariga oid jami 41 ta loyiha va taklif ko‘rib chiqiladi.
Xususan, kengash yig‘ilishida Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahridagi madaniy meros obyektlariga oid loyihalar muhokama qilinadi. Kun tartibidan Buxoro shahridagi “Xovli Payon”, “Olimjon karvonsaroyi”, “Toshsaroy” madrasasi va “Ark qo‘rg‘oni” majmuasi, Samarqanddagi “Tilla Kori” madrasasi, Termizdagi “Sulton Saodat”, “Zul-Kifl” maqbarasi va “Chorgumbaz” kabi obyektlarda ta’mirlash-tiklash va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga oid loyihalar o‘rin olgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi turizm ko‘chalarini tashkil etish bilan bog‘liq loyihalar ham kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha loyihalar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ilmiy-ekspert xulosalari taqdim etiladi.
Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning batafsil ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.
