Yunusoboddagi nodir mozaikalar xavfsiz joyga ko‘chirilmoqda
2026-08-13 17:35:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan, 1972-yilda barpo etilgan sobiq tuberkulyoz dispanseri binosining tashqi devorlarida joylashgan noyob mozaika kompozitsiyalari saqlab qolinmoqda. Tumaning Niyozbek yo‘li 3-tor ko‘chasi, 6-uydagi ushbu nodir mozaika kompozitsiyalari moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilishiga nomzod obyekt sifatida Madaniy meros agentligi e’tiborida turibdi.
Binoda demontaj ishlari rejalashtirilgani sababli, undagi tarixiy-badiiy qiymatga ega mozaikalarni saqlab qolish maqsadida ularni ehtiyotkorlik bilan yechib olish va boshqa hududga ko‘chirish ishlari tashkil etilmoqda. Bu orqali monumental san’atning noyob namunalarini butligicha saqlab qolish, ularning tarixiy va badiiy qiymatini asrash hamda kelajak avlodlarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu mozaikalar o‘zining badiiy yechimi, ranglar uyg‘unligi va mazmuni bilan XX asr ikkinchi yarmiga oid monumental san’at namunalaridan biri sifatida alohida ahamiyatga ega. Ularda inson, tabiat, mehnat, bunyodkorlik, ilm-fan va tinchlik g‘oyalari o‘ziga xos badiiy talqinda aks ettirilgan. Rang-barang smalt va boshqa mozaika elementlaridan foydalanilgan holda yaratilgan tasvirlar o‘z davrining estetik qarashlari hamda monumental san’at an’analarini o‘zida mujassam etgan.


