#rasmiy_munosabat
2026-08-07 14:40:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati, Xiva tumanida joylashgan Chodra hovli madaniy meros obyektining holati yuzasidan tarqalgan xabar bo‘yicha Madaniy meros agentligi tomonidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Chodra hovli obyektini asrab-avaylash va uning tarixiy-me’moriy qiyofasini saqlab qolish maqsadida 2022–2023-yillarda yodgorlikda keng ko‘lamli restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. Mazkur qayta tiklash ishlari Madaniy meros agentligi buyurtmachiligida, Xiva mintaqaviy restavratsiya markazi tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bajarilgan.
Restavratsiya jarayonida ayvonlar va zinapoyalar ta’mirlanib mustahkamlangan, tashqi devorlar somonli suvoq bilan qoplangan, ichki devorlarda ganch suvoq ishlari bajarilgan. Qayta tiklash ishlari davomida zamonaviy qurilish yechimlaridan imkon qadar voz kechilib, yodgorlikning tarixiy qiyofasi va an’anaviy me’moriy uslubini saqlash tamoyillariga qat’iy rioya qilingan. Shuningdek, obyekt hududi obodonlashtirilib, yo‘laklar barpo etilgan hamda hududni tungi vaqtda yoritish tizimi o‘rnatilib tashrif buyuruvchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Hozirda ushbu yodgorlik viloyatning muhim madaniy meros obyektlaridan biri sifatida davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, uning tarixiy ahamiyatini keng targ‘ib qilish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish hamda kelgusida obyekt atrofida zarur turistik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, yodgorlik 1871-yilda Xiva xonlarining yozgi dam olish maskani sifatida bunyod etilgan. “Chodra” nomi “chordara” so‘zining qisqartirilgan shakli bo‘lib, fors tilida “chor” – to‘rt, “dara” – tik chuqurlik ma’nolarini anglatadi.
