#rasmiy_munosabat
2026-08-04 20:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Madaniy meros boshqarmasi faoliyati hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalasiga oid bildirilayotgan ayrim fikrlar yuzasidan Madaniy meros agentligi tomonidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Madaniy meros agentligi faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilinib, ommaviy axborot vositalari bilan muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har oy yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar va boshqa media tadbirlari tashkil etilib, jurnalistlarning savollariga batafsil javob berib kelinmoqda.
Jumladan, 2026-yil 24-aprel kuni Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida madaniy merosni asrash va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot, 2026-yil 30-mart kuni esa Milliy matbuot markazida Agentlikning 2025-yil yakunlari va 2026-yil ustuvor vazifalari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Shuningdek, Agentlikning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam ravishda rasmiy axborotlar, videolavhalar, audiopodkastlar, infografikalar va boshqa media materiallar e’lon qilinib kelinmoqda. Bundan tashqari, Jizzax viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan ham 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot tadbiri hamda viloyatdagi madaniy meros obyektlariga press-tur tashkil etish rejalashtirilgan.
Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bilan ochiq va doimiy hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qiladi. Media soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar, murojaatlar hamda takliflar yuzasidan Agentlikning +998 (71) 200-01-18 telefon raqami yoki info@madaniymeros.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.
