#rasmiy_munosabat
2026-08-04 14:30:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Hamza Hakimzoda Niyoziy yashagan uy hamda uning nomi bilan bog‘liq obyektlar yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha Madaniy meros agentligi tomonidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Murojaatda Hamza Hakimzoda Niyoziy yashagan uy sifatida tilga olinayotgan bino Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, Avval qishlog‘ida joylashgan. Mazkur bino amaldagi qonunchilikka muvofiq moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilmagan.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida Hamza Hakimzoda Niyoziy nomi bilan bog‘liq 2 ta obyekt davlat muhofazasiga olingan. Jumladan, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani, Shohimardon mahallasida joylashgan XX asrga taalluqli “Hamza Hakimzoda Niyoziy” maqbarasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida joylashgan “Hamza Hakimzoda Niyoziy” uy-muzeyi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-maydagi 239-son qarori asosida yangi aniqlangan moddiy madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.
Hozirgi kunda mazkur obyektlarda tashrif buyuruvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ularning saqlanishi, muhofazasi va faoliyati amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etilganligini ma’lum qilamiz.
