Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi
2026-07-14 09:50:00 / Yangiliklar

2026-yilning 14–16-iyul kunlari Toshkent shahrida Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Mazkur yig‘ilishda respublikaning turli hududlaridan taqdim etilgan madaniy meros obyektlariga oid loyiha va takliflar ko‘rib chiqiladi.
Kun tartibiga Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridagi madaniy meros obyektlariga taalluqli 132 ta masala kiritilgan. Taqdim etilgan loyihalarda tarixiy obidalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, obodonlashtirish, muhofaza hududlarida qurilish ishlari, madaniy meros obyektlarini ijaraga berish, yangi arxeologiya yodgorliklarini milliy ro‘yxatga kiritish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Shuningdek, yig‘ilish davomida YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro, Samarqand va Xiva tarixiy hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish, ta’mirlash va restavratsiya loyihalari alohida tartibda muhokama qilinadi.
Ilmiy-ekspert kengashi kun tartibidagi masalalarning batafsil ro‘yxati bilan Madaniy meros agentligining rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.
