#rasmiy_munosabat
2026-07-10 09:35:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrining Firdavsiy ko‘chasida joylashgan “Baxmal fabrikasi” madaniy meros obyekti yuzasidan tarqalgan murojaatlar va bildirilayotgan fikrlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan olib borilgan monitoring natijasida joriy yilning 17-iyun kuni mazkur obyekt hududida tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lmagan ayrim bino va inshootlarni buzish ishlari boshlanganligi aniqlangan. O‘rganishlar davomida buzish ishlari Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining xulosasi olinmasdan amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 64-moddasi ikkinchi qismi talablari asosida 2026-yil 17-iyun kuni ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, holatga huquqiy baho berish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Ayni vaqtda ushbu holat yuzasidan vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganish va nazorat ishlari davom ettirilmoqda. Madaniy meros agentligi tomonidan tarixiy obyektlarning saqlanishi ustidan doimiy monitoring olib borilib, qonunchilik talablari buzilgan har bir holat bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Baxmal fabrikasi” XX asrga oid madaniy meros obyekti bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga diqqatga sazovor joy sifatida kiritilgan. Shuningdek, 2025-yil 17-dekabrdagi OA-1310855-sonli auksion bayonnomasiga asosan mazkur mulk “SIYOB SHAUMYANA AVENUE” xususiy korxona tasarrufiga o‘tgan.
