Milliy qo‘g‘irchoqlarda yashayotgan meros
2026-07-03 17:05:00 / Yangiliklar

O‘zbek milliy hunarmandchiligi xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy boyligi va milliy o‘zligini namoyon etuvchi bebaho merosdir. Ana shunday mohir hunarmandlardan biri Andijon viloyatining Izboskan tumanida faoliyat yuritayotgan milliy qo‘g‘irchoq ustasi Nargiza Soliyevadir.
U 2000-yildan buyon Hunarmandlar uyushmasi a’zosi sifatida milliy qo‘g‘irchoqchilik san’atini rivojlantirib kelmoqda. Chorak asrdan ortiq ijodiy faoliyati davomida minglab betakror qo‘g‘irchoqlar yaratib, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Nargiza Soliyeva ushbu san’at sirlarini taniqli ustozlar Manzuraxon Yusupova va Yodgor Sodiqovlardan o‘rgandi. Bugun esa o‘zi ana shu maktabning munosib davomchisiga aylangan holda 20 nafardan ortiq shogird tayyorlashga erishdi. Ustaning ijodiy to‘plamida 50 dan ortiq turdagi milliy qo‘g‘irchoqlar mavjud bo‘lib, ular vodiy maktabiga xos iroqi kashtali do‘ppilar, milliy liboslar va nozik bezaklari bilan ajralib turadi.
Hunarmand respublika hamda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va festivallarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Xususan, u 2005-yilda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida, 2025-yilda esa Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalida o‘z ijod namunalari bilan munosib ishtirok etgan.
Nargiza Soliyevaning faoliyati milliy qo‘g‘irchoqchilik an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish hamda xalq amaliy san’atining ushbu noyob yo‘nalishini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.


