#rasmiy_munosabat
2026-06-26 19:00:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida joylashgan madaniy meros obyekti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tarqatilgan xabarlar munosabati bilan Madaniy meros agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Buxoro shahrida joylashgan Timi Abdullaxon yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qaroriga muvofiq moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Mazkur obyektning 869,9 kvadrat metr qismi 2015–2022-yillar davomida ijara shartlari asosida xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanilgan. 2022-yilning may oyida tuzilgan uch tomonlama ijara shartnomasining amal qilish muddati 2022-yil 31-dekabrda yakunlangan.
Shundan so‘ng obyektdan foydalanish masalasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-martdagi 53-son qarori talablari asosida, ya’ni madaniy meros obyektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga ijaraga berish tartibiga muvofiq ko‘rib chiqilgan. Agentlikning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan tayyorlangan tegishli hujjatlar Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullangan. Shundan so‘ng obyektni ijaraga berish bo‘yicha e’lon belgilangan tartibda joylashtirilgan va ochiq tanlov o‘tkazilgan.
2024-yil 26-noyabr kuni vakolatli davlat organlari vakillaridan iborat tanlov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan investitsiya takliflari ko‘rib chiqilib, eng maqbul tijorat taklifi “Asya Handicraft Center” xususiy korxonasi tomonidan berilgani sababli mazkur tashkilot tanlov g‘olibi deb topilgan. Tanlov komissiyasining qarori asosida 2024-yil 16-dekabr kuni amaldagi qonunchilikka muvofiq to‘rt tomonlama ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan.
Obyektni ilgari foydalanib kelgan “Atlas Plus-18” korxonasiga qonunchilikda belgilangan tartibda obyektni ixtiyoriy ravishda bo‘shatish haqida ogohlantirish yuborilgan. Talab bajarilmaganligi sababli Madaniy meros agentligi tomonidan iqtisodiy sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Mazkur nizoga oid sud ishlari barcha instansiyalarda ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025-yil 19-sentabrdagi qarori bilan da’vogarning talablari rad etilgan hamda tanlov komissiyasi qarori o‘z kuchida qoldirilgan. Shundan so‘ng sud hujjatlari ijrosi doirasida obyekt qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bo‘shatilib, amaldagi ijara shartnomasiga muvofiq yangi ijarachiga topshirilgan.
Timi Abdullaxon obyekti bo‘yicha barcha jarayonlar amaldagi qonunchilik, sud qarorlari hamda vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar asosida amalga oshirilgan. Madaniy meros agentligi obyektlardan foydalanishda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qiladi hamda tarixiy obidalarni asrash va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiradi.
